Shu yilning 23 iyunida bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz beruvchilarning 51,9 foizi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng bosh vazir Devid Kemeron iste'foga chiqishi borasida bayonot berdi. Endilikda partiya rahbari saylanishi kerak. Qoidaga ko‘ra partiya rahbari mamlakat bosh vaziri lavozimini egallaydi.
Konservativ partiya rahbarini saylash jarayonlari “1922 yil qo‘mitasi” deb nomlanmish organ tomonidan nazorat qilinadi. Bu qo‘mitaga hukumat tarkibiga kirmagan deputatlar a'zo bo‘lib kirgan. Ayni damda besh nafar nomzod ko‘rsatilgan. Ulardan ikki nafari ro‘yxatda qolishi kerak. Nomzodlarning taqdiri avvaliga 331 nafar deputat-konservator tomonidan hal qilinadi. Saylovlarning birinchi bosqichi 5 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Keyingi ovoz berish jarayoni 7 iyulga belgilangan. 12 iyulda esa nomzodlarning ikki nafari qoladi. Shundan keyin bu ikki nomzodning taqdiri deputatlar tomonidan emas, balki Konservativ partiyaning 150 minglik a'zosi ixtiyoriga topshiriladi. Ular o‘z fikrlarini pochta orqali ham bildirishlari mumkin. “1922 yil Qo‘mitasi” belgilab bergan rejaga ko‘ra, partiya yangi rahbari va yangi bosh vazir nomi 9 sentabrga qadar e'lon qilinishi kerak.
Hozircha asosiy nomzodlardan ikki nafari - mamlakat adliya vaziri Maykl Gouv va London sobiq meri Boris Jonson poygadan chiqishlari borasida bayonot berdi. Ularning bu bayonotlari ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ma'lumki, ularning har ikkisi Buyuk Britaniyani Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishi borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashgan edi. Referendum natijalari e'lon qilingach, tahlilchilar Boris Jonson bosh vazir lavozimini egallashi, uni qo‘llab-quvvatlagan Maykl Gouv esa Tashqi ishlar yoki moliya vaziri etib tayinlanishi borasida bashoratlar qilingan edi. Ularning bu qarorini deyarli hech kim kutmagan edi. Boris Jonson o‘z qarorini sharhlar ekan, yangi rahbar referendum tufayli parokonda bo‘lgan partiyani jipslashtirishi va birlashtirish qobiliyatlariga ega bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. “Hamkasblar bilan maslahatlashib olganimdan so‘ng, men bunday qobiliyatga ega emasman degan qarorga keldim”, dedi Boris Jonson.
Boshqa nomzodlar haqida gapirganda Mehnat va pensiya ishlari vaziri Stiven Krabb, sobiq mudofaa vaziri Liam Foks va energetika va iqlim o‘zgarishlari vazirining o‘rinbosari Andrea Lidsom ham hukumatni boshqarish niyatida ekanliklarini bildirishgan.
Yakshanba kuni Sun on Sunday gazetasi ICM tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalarini e'lon qildi. Respondentlarning 60 foizi Tereza Meyni Konservativ partiya rahbari va bosh vazir lavozimiga mos kelishini aytishgan. Ikkinchi o‘rinda 10 foiz ovoz olgan Maykl Gouv, uchinchi o‘rinda 6 foiz respondent tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Andrea Lidsom bormoqda. Stiven Krabb va Liam Foksning imkoniyatlari ancha past ekani aytilmoqda.
Endilikda konservatorlar partiyasining munosib rahbari sifatida Ichki ishlar vaziri Tereza Mey ko‘rilmoqda. U – yaxshi notiq bo‘lib, tez-tez terrorizmga qarshi kurash masalasida va noqonuniy muhojirlarga nisbatan keskin fikrlarni aytib turadi. Ma'lumki, u referendum arafasida Bosh vazirni qo‘llab-quvvatlab, aholini Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish uchun ovoz berishga chaqirgan edi. Shu sababli ham tahlilchilar aynan Mey saylovlarda g‘alaba qoznishiga ishonmoqda. Chunki u hukumat va parlamentda katta tajriba to‘plagani bois bosh vazirlikka munosib nomzod ekani ochiq aytiladi. Uning mamlakat tarixidagi birinchi ayol - bosh vazir, 1979 yildan 1990 yilgacha hukumatni boshqargan Margaret Tetcher (1925-2013) bilan o‘xshash jihatlari borligi tan olinadi. U nomzod sifatida so‘zlagan birinchi nutqida bir qator muammolarga to‘xtalib o‘tdi. “Saylov kampaniyasi tugadi. Xalq Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi uchun ovoz berdi. Biz xalq irodasini ifoda qilishimiz kerak” dedi. U shuningdek, mamlakatning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish jarayonlarini sun'iy ravishda to‘xtatishga va qaytadan referendum o‘tkazilishiga qarshi ekanligini bildirdi. Tereza Meyning aytishicha, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflarini tark etish jarayonlari bir necha yillar davom etadi. O‘z so‘zida Lissabon Shartnomasining 50-moddasi yil oxiriga qadar qo‘llanilmasligini, buyuk britaniyaliklarning Yevropa Ittifoqidagi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqorolarining Buyuk Britaniyadagi maqomi yaqin orada o‘zgarmasligini ham eslatib o‘tdi. Lissabon Shartnomasining 50-moddasi Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqish borasida Buyuk Britaniyaning ariza berishini anglatadi. Ko‘rinib turibdiki, yaqin yarim yil ichida London ariza berish niyatida emas. Ariza berilgan sanadan boshlab ikki yil maboynida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi kerak. Bundan avval Yevropa rahbarlari Ittifoq saflaridan chiqish borasidagi ariza imkon qadar tezroq berilishi kerakligini aytishgan edi.
Meyning fikricha, referendum natijalari tufayli mamlakatda muddatdan ilgari saylovlar o‘tkazilmaydi va favqulodda byudjyet qabul qilinmaydi. “Mening fikrimcha, 2020 yilga qadar umumiy saylovlar o‘tkazilishi shart emas. Hukumat ishlashda davom etishi, o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak. Favqulodda byudjyet ham shart emas”, dedi Mey. Tereza Mey mamlakatga kelayotgan muhojirlar sonini qisqartirish tarafdori ekanligini ham aytib o‘tdi.
Sharhlovchilarning fikricha, u va boshqa nomzodlar saylovoldi kompaniyasi davomida o‘z dasturlarini batafsil e'lon qilishadi. Yangi bosh vazir zimmasida murakkab vazifalar turibdi. Aynan u Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish jarayonlarini boshlashi, ya'ni ariza berishi, muzokaralar olib borishi kerak bo‘ladi.
Tahlilchilar tomonidan hazil aralash, AQShda Tramp, Buyuk Britaniyada Jonson xokimiyatga kelsa, Rossiyaning navbatdagi prezidenti Chubays bo‘lishi aytilgan edi. Ma'lumki, ularning hammasining sochi mallarang.
Ammo “2017 yilda AQShni (Hillari Klinton), Buyuk Britaniyani (qirolicha Yelizaveta Ikkinchi va Tereza Mey), Fransiyani (Marin Li Pen), BMTni(Irina Bokova) ayollar boshqarishi ehtmoli bor”, degan taxminlar aytilmoqda. Germaniya kansleri Angela Merkel esa anchadan beri boshqaruvdagi ayollarning bayroqdori bo‘lib keladi.
Sharofiddin To‘laganov