Armaniston terma jamoasi yarimhimoyachisi Genrix Mxitaryan ukrainalik sobiq futbolchi Andrey Shevchenkoga tegishli bo‘lib kelgan ko‘p yillik rekordni yangiladi.
Mxitaryan Sobiq Ittifoq hududi futbolchilari orasidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylandi.
Xabar qilinshicha, «Manchester Yunayted» Dortmundning «Borussiya» jamoasiga ushbu futbolchi uchun 42 million yevro to‘lagan va bu orqali 2006 yilda «Chelsi» Shevchenko transferi uchun «Milan»ga to‘lagan 40 million yevrolik rekord yangilangan.
Mxitaryanning «Manchester Yunayted» safiga o‘tgani dortmundliklar klubi tomonidan tasdiqlandi.
Mxitaryan nemislar klubi safida 2013 yildan buyon o‘ynab kelayotgandi. U o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 51 uchrashuv o‘tkazdi va 23 gol urib, 32 marta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Manba: Tribuna.uz