Hindiston Bangladeshdagi voqealardan keyin bu davlat bilan chegaralari bo‘ylab nazorat-tekshiruv punktlarida qat'iy tartib o‘rnatdi. Bu tartib Bangladesh bilan umumiy chegara hisoblangan 856 kilometrlik hududda joriy etilgan. Bu haqda Hindiston chegara kuchlari (Border Security Force, BSF) ma'lum qildi.
Chegara hududlarini qo‘riqlashga politsiyachilar va maxsus xizmatlar vakillari ham jalb etilgan.
Bangladesh bosh vazirining matbuot xizmatida xabar qilinishicha, mamlakat rahbari Shayx Hasina Vazid Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qilgan. Hindlar yetakchisi bu suhbat vaqtida Dakkadagi 22 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt oqibatlarini bartaraf etishda yordamini taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyulda bir guruh qurolli kishilar shaharning diplomatik dahasidagi Holey Artisan Bakery restoraniga bostirib kirib, o‘t ochdi va ichkaridagi odamlarni garovga oldi. Operatsiya chog‘ida kamida 12 kishi, shu jumladan, ikki nafar chet el fuqarosi qutqarildi.
Hujum oqibatida 9 nafar italiyalik, 7 nafar yaponiyalik va 4 nafar bangladeshlik, shuningdek 2 nafar politsiyachi halok bo‘ldi.
Bu hujumdan so‘ng ikki kunlik motam e'lon qilindi.