«Uimbldon» turniriga birinchi raqam ostidan tasniflangan serbiyalik tennischi Novak Jokovich turnirning uchinchi davrasida sensatsion ravishda amerikalik Sem Kuerriga (28) 6:7 (6:8), 1:6, 6:3, 6:7 (5:7) hisoblarida mag‘lub bo‘ldi. O‘yin yomg‘ir tufayli bir muddat to‘xtatib turilgan.
Bu mag‘lubiyat Novak uchun «Katta dubulg‘a» doirasidagi turnirlarda 2015 yilgi «Rolan Garros»dan buyon birinchisi bo‘ldi va u endi 2016 yilgi «Katta Dubulg‘a»ni qo‘lga kiritishdan mahrum bo‘ldi. Jokovich 2009 yildan buyon katta turnirlarni bu qadar barvaqt tark etmagandi. O‘shanda u germaniyalik Filipp Kolshraybergga «Rolan Garros»ning uchinchi davrasida yutqazgandi. Uimbldonda Novak oxirgi marta turnirning ikkinchi haftasiga o‘ta olmasligi bilan bog‘liq holat 2008 yilda qayd etilgan, o‘shanda u ikkinchi davra o‘yinida Marat Safinga osonlik bilan yengilgan.
Kuerri esa atigi to‘rtinchi marta «Katta dubulg‘a» doirasidagi turnirning to‘rtinchi bosqichiga chiqdi. Oxirgi marta u 2010 yili Uimbldon va US Open turnirlarida bu bosqichda o‘ynagan.
Amerikalik ushbu tennischining keyingi raqibi fransuz Nikolya Mayu bo‘ladi. U Uimbildonning yakkalik bahslarida ilk marta 1/8 finalda o‘ynaydi.
Jokovich Uimbildondan so‘ng Britaniyada qoladi va Britaniya hamda Serbiya terma jamoalari o‘rtasidagi Devis Kubogi o‘yinlarida ishtirok etadi.
25-31 iyul kunlari esa Torontodagi Rogers Cup turnirida ishtirok etadi Undan keyin esa Rioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘l oladi. Olimpiadadan so‘ng Tsintsinnatida turnir kutib turibdi. Undan so‘ng esa ozgina dam oladigan Jokovich US Open'da ishtirok etadi.
Manba: Tribuna.uz