Joriy yilning 25 iyun sanasidan start berilgan «25» aksiyasining mazmun-mohiyatini ommalashtirishda, ushbu aksiya doirasida nafaqat yoshlarning, balki barcha yurtdoshlarimizning jalb qilishda OAVning o‘rni juda salmoqli hisoblanadi. Mana shuni hisobga olgan holda, yuqorida aytib o‘tganimizdek, boshlanish arafasida turgan “25” aksiyasining matbuot anjumani «Kamolot» YoIH Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi «Yoshlar markazi»da o‘zgacha shukuhda bo‘lib o‘tdi.
«Vatanimga dil izhori!» mavzuida tayyorlangan eng sara videoroliklar ishtirokchilar e'tiboriga havola etilishi bilan anjuman ochiq, deb e'lon qilindi. Anjuman davomida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri M.Masharipov va Harakatning Markaziy Kengashi yetakchi mutaxassisi X. Ubaydullayevlar so‘zga chiqib, mustaqilligimizning muborak sanasi munosabati bilan tashkil etilgan «25» aksiyasi haqida batafsil tushunchalar berib o‘tdi.
«Mazkur aksiyaning asosiy maqsadi, istiqlol yo‘llarida bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘l, erishilgan ulkan yutuq va marralar, ularning mohiyati va ahamiyatini har tomonlama chuqur his etish, uni keng jamoatchilikka yetkazish, «Kim edigu, kim bo‘ldik?» degan hayotiy haqiqatni anglagan holda yosh avlodda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat.
- Men o‘ylaymanki, ushbu aksiya doirasida eng ko‘p va eng faol yoshlar katorida, qoraqalpoq yoshlari o‘zlarining o‘ziga xos ijodiy namunalari bilan ajralib turadi» - deydi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri M. Masharipov.
Anjuman erkin va ochiq muloqot ko‘rinishida savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
- «Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatni namoyon etish ham fidoyilik sanaladi. Buni shunchaki Vatanni ko‘z-ko‘z qilish deb emas, balki mana shu qisqa fursat, 25 yil ichidagi mashaqqatli va ulkan yutuqlarga boy bo‘lgan yillar ekanligini chin ko‘ngildan his etish va teran anglamoq, deb tushunishimiz va bu borada o‘zimizning o‘ziga xos takrorlanmas g‘oyalarimiz bilan faolligimizni, Vatanga bo‘lgan muhabbatimizni, vatanparvarligimizni namoyon etmog‘imiz darkor», - deydi Harakatning Markaziy Kengashi yetakchi mutaxassisi X. Ubaydullayev.