«Manchester Siti»ning sobiq futbolchisi va murabbiyi, ayni vaqtda «Nyu-York Siti»da faoliyat ko‘rsatayotgan Patrik Viyera Zlatan Ibrahimovichning «Manchester Yunayted»ga kelishi bilan bog‘liq jarayon bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
«U mening yaxshi do‘stim, «Yuventus» va «Inter»da birga o‘ynaganmiz. Biz hozir ham yaqin aloqalarni saqlab qolganmiz va ko‘pincha suhbatlashib turamiz. Menga uning xarakteri yoqadi, Zlatan — g‘olib, haqiqiy inson, u jamoani o‘z ortidan ergashtira oladi. Menimcha, «Manchester Yunayted» juda omadli transferga qo‘l urdi.
Men ertalab u bilan gaplashdim. U «MYu»ga o‘tishga tayyorlanayotgani, bu tanlovi to‘g‘ri ekaniga ishonchi komilligini aytdi. Men unga omad tilayman, uning yangi jamoasida ishlari qay tariqa kechishini kuzatib boraman.
Endi qarang. Kimlar Manchesterdagi klublarni boshqarmoqda, Mourino va Gvardiola qarama-qarshiligi. Bir tomonda Ibrahimovich va Ueyn Runi, ikkinchi tomonda Serxio Aguero va David Silva. O‘ylaymanki, Manchester futbol poytaxtiga aylandi», — degan Viyeyra.