Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning qizi, prezident apparati ijrochi rahbari bo‘lgan Ozoda Rahmon mulozimlarga muborak Ramazon oyi tugayotgani munosabati bilan mulozimlarga sadaqa va ehson qilish majburiyatini yukladi, deb xabar qilmoqda "TajikTA".
"Tojik mulozimlari, muborak Ramazon oyi tugashi munosabati bilan kam ta'minlangan oilalar, yetim-yesirlar, yolg‘iz va keksa kishilariga xayr-ehson qilishlari bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma olishdi", — deya Ozoda Rahmon imzosi tushirilgan xabardan iqtibos keltiradi agentlik.
Shu paytga qadar, Tojikistonda davlat mulozimlariga ehson qilish bo‘yicha rasman majburiyat yuklanmagan edi.
Umuman, Islom dinida har bir musulmon Ramazon oyida, Iyd al Fitr (Ramazon hayiti) namozi ado etilgunicha, Fitr sadaqasi berishi shartdir. O‘zbekistonda oila a'zolarining har bir jon boshiga (homilador ayolning homilasi ham hisobga kiradi) 2 kg bug‘doy narxida fitr sadaqasi berish bilan ado etiladi.
Misol uchun, oilada 3 kishi: ota-ona va bir farzand bo‘lsa va bozorda o‘rtacha bug‘doy narxi 2 ming so‘mni tashkil etsa, 3 kishiga 2 kgdan bug‘doy narxi 12 ming so‘mni tashkil etadi. Mana shu pul fitr sadaqasi sifatida kam ta'minlangan kishilarga topshiriladi. Bug‘doy narxi har bir hududdagi qiymatga asosan olinadi.