Firibgar aka-ukalar: odamlarni chuv tushirgan inilar qilmishi

Jamiyat 16:48 / 01.07.2016 39052

Dilniyoz anchadan buyon mashina sotib olishni rejalashtirib yurgandi. Kunlarning birida  u Namangan shahridagi avtomashina bozoriga tanishlari  Mutal va Ikromlar bilan birgalikda borib Isuzu yuk mashinasini ko‘rishdi.
— Avtomashinaning narxi qancha bo‘ldi? — deya uning yonida turgan yigitdan so‘radi Dilniyoz.
— Hozircha 90.000.000 so‘m deb turibmiz. Kelisholsak narxini kamaytiramiz, — dedi unga Ne'mat.

Ikkolovi uzoq savdolashuvdan so‘ng 84.000.000 so‘mga kelishishdi. Ne'mat darhol Asror akasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning ham roziligini so‘radi.
— O‘zimning “Damas” va “Neksiya” avtomashinalarim bor. Shularni sotib yuborsam, keyin Isuzuni sotib olaman. Agar rozi bo‘lsangiz, kelishib olsak, boshma-boshga almashtirib ham yuboraveraman.
Ne'mat yana Asror akasiga qo‘ng‘iroq qilib, xaridorning taklifini unga aytib, “Damas-2” avtomashinasini 34.500.000 so‘mga, “Neksiya-2” avtomashinasini 39.000.000 so‘mga bermoqchiligini, qolgan 10.500.000 so‘mini naqd pul hisobida to‘lamoqchiligini tushuntirdi. Asror avtomashinalarni ko‘rmasada xaridorning taklifiga rozi bo‘ldi. Dilniyoz Ne'matga bozorga o‘zi boshqarib borgan “Neksiya-2”avtomashinasini ko‘rsatdi. Avtomashina mijozga yoqdi. Keyin “Damas”ni ham ko‘rmoqchiligini aytdi. Avtomashinani o‘zi borolmaganligi uchun yonida turgan tanishlari Mirzabek, To‘lqin va G‘anilarni borishlarini aytdi.

Dilniyoz uchovlonni olib uyiga o‘tdi. Ularga “Damas-2” avomashinasini ko‘rsatdi. Ularga avtomashinalar yoqqanligi uchun Isuzuni Dilniyozga tashlashib, “Neksiya” va “Damas” avtomashinalarini olib ketishdi.

Ertasi kuni Dilniyoz tanishi Olmos bilan birgalikda Namangan shahriga borib, Ne'mat bilan “Avto saltanat” nomli avtomashina ustaxonasi yonida ko‘rishishdi. Ne'mat tanishi Xolmurodni ular bilan tanishtirdi:
— Avtomashinaning haqiqiy egasi, Xolmurod bo‘ladi. Bu yog‘ini o‘zlaringiz kelishib olaverasizlar.
— Aslida avtomashinani o‘zim pul sanab sotib olganman. Biroq avtomashina jiyanim Mamasolining nomiga rasmiylashtirilgan. Shuning uchun  akam Asrorhoji bilan kelishish lozim. Uning bu savdo-sotiqdan xabari bor. Qachon bo‘lsa ham rasmiylashtirib beramiz. Ishonch hosil qilishingiz uchun mana sizga Mamasolining pasport nusxasi.
— Avtomashinani kreditini qachon yopasiz? —deya Xolmuroddan so‘radi Mamasoli.
— Avtomashinani 12.000.000 so‘mga yetmagan kredit puli qolgan. Hozir pulim yo‘q. “Damas”ni sotib olgan xaridor qo‘lida puli bilan qarab turibdi. Agar u “Damas”ni xaridorni nomiga rasmiylashtirib bersa, pulini olib, kreditni bankdan yechib, keyin tezda  Isuzuni Dilniyozni nomiga rasmiylashtirib beramiz.
Dilniyoz Xolmurodning gaplariga laqqa tushib, “Damas”ni Mirzabekning nomiga rasmiylashtirib berdi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tgach Dilniyoz Xolmurodni  akasining uyidan topdi.
— Tezroq Isuzuni rasmiylashtirib bermaysizlarmi?
— Hozir avtomashinani kreditini yechsam, men ancha pul to‘lashimga to‘g‘ri keladi. Kredit to‘lashning ham grafigi bor. Grafikka qarab to‘lab boramiz, — dedi bamaylixotir Asror.
— Sizlarning grafiklaringizga men tushunmayman. Ukangiz Xolmurod va'da berganligi uchun men “Damas”imni u aytgan odamga rasmiylashtirib berdim.
— Nimaga cho‘chiysiz? Bankning grafigiga binoan to‘lov g‘alla o‘rimida tugaydi. Undan ko‘ra g‘alva qilmasdan mashinadan foydalanib yuravering! Axir avtomashina sizda turgan bo‘lsa. Ishingizni bitiravermaysizmi? — dedi ensasi qotib Asror.
Dilniyoz uning bu gaplariga ishonib indamasdan uydan chiqib ketdi. Isuzu avtomashinasida yuk tashib yuraverdi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, yana Asrorning yoniga bordi. Bu gal Asror  Mamasolining oldiga borib, Dilniyozga yuk tashishga litsenziya, yo‘l varaqa qildirib berdi.   
G‘alla mavsumi yetib kelganida u Xolmurodning oldiga bordi.
— Aytilgan muddat ham yetib keldi. Endi Isuzuni ta'qiqidan yechib, nomimga rasmiylashtirib bering.
— “Neksiya”ngizni mening nomimga rasmiylashtirib bersangiz, uni bankga qo‘yib, Isuzuni chiqarib olib nomingizga rasmiylashtirsak bo‘ladi, —dedi mug‘ombir Xolmurod.
Taklifiga ko‘ndirmaguncha Dilniyozga rosa yalindi-yolvordi. Axiyri uni ko‘ndirdi. Dilniyoz “Neksiya”sini Xolmurodning nomiga rasmiylashtirib berdi. Ammo aka-uka firibgarlar Dilniyozni rosa aldab-avrashdi. Afsuski uning nomiga Isuzuni rasmiylashtirishmadi.
Shundan so‘ng Dilniyoz  firibgarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab, sudga murojaat qildi.
Sud aka-uka Xolmurod va Asror Ilyosovlardan jabrlanuvchi Dilniyoz Sherbekovga 79.500.000 so‘m yetkazilgan zararni solidar tartibda  undirishni lozim deb topdi.
Sud Xolmurod Ilyosov va Asror Ilyosovlarni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “a” bandi, 233-moddasi bilan aybdor deb topib, 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi. 

Xonbibi HIMMAT qizi, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: