“Bugun onam o‘ldi. Yo kechamikan, bilmayman”... Buyuk fransuz adibi Alber Kamyuning mashhur “Begona” asari ana shunday so‘zlar bilan boshlanadi.
Bosh qahramon Merso hech narsaga qiziqmaydi va hech kimga mehr qo‘ymaydi. Hatto qariyalar uyida yashaydigan onasiga ham befarq. Uning vafotini sovuqqonlik bilan qabul qiladi, barcha marosimlarni befarqlik bilan ado etadi. Qotillik sodir etganining sababi sifatida “ko‘ziga quyosh tushgani”ni keltiradi. Sudda o‘lim jazosi haqidagi qaror o‘qib eshittirilganda ham Merso buni xotirjam qabul qiladi. Hatto so‘nggi so‘zni aytish huquqidan ham voz kechadi.
Nima uchun Kamyuning qahramoni atrofdagilar va hatto o‘z hayotiga nisbatan bu qadar befarq? Balki bu uning o‘zi va jamiyat o‘rtasida bog‘liqlikni sezmay yashaganidandir? Jamiyatni odamlar tashkil qiladi, agar Merso uning a'zosi bo‘lmasa, u holda kim? Shuning uchun ham Kamyu asarini “Begona” deb nomladi.
Dastlab “Begona” jamiyatda katta noroziliklarga sabab bo‘lgan. Tanqidchilar kishi bu darajada befarq bo‘lishi mumkin emasligini aytgan. Qoleversa, adibning begonalashuv haqidagi g‘oyalari ham keskin qarshilikka uchragan. “Absurd” – Kamyu adabiyotini bir ovozdan shunday nomlashdi.
Oradan yillar o‘tib, safsata deb qoralangan asarda haqiqat borligini dunyo tan oldi. Begonalashuv fenomenining mavjudligini sotsiologiya va psixologiya isbotladi.
Xo‘sh, begonalashuv aslida nima? Bugungi jamiyat hayotida u qanchalik mustahkam o‘rnashib olgan?
– Begonalashuv – inson va uning jamiyatdagi o‘rni, maqomi, mavqei va u bajaradigan vazifasi o‘rtasidagi azaliy bog‘liklikning uzilishidir, – deydi “Milliy g‘oya” ilmiy-amaliy markazi rahbari Muhammadjon Quronov, – Inson va jamiyat munosabatlaridagi me'yorning buzilishi, insonning o‘z mohiyatini belgilovchi xususiyatlardan mahrum bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topolmasligi begonalashuvning tub ildizini tashkil qiladi.
Begonalashuv - bu insonning o‘z mohiyatidan uzoqlashishdir. Bu muammoni nemis mutafakkiri Erix Fromm juda yaxshi ishlab chiqqan. Zamonaviy jamiyatni E. Fromm inson mohiyatini «mashinalashtirish», «kompyuterlashtirish» va «robotlashtirish» jarayonlari tufayli begonalashuvning bir mahsuli, deb ta'riflaydi. Buning isboti sifatida G‘arbda kuzatilayotgan jamiyatning «atomlashuvi» jarayonini keltirish mumkin.
Bu degani, jamiyatda ikki kishini bog‘laydigan hech narsa yo‘q. Odamlar orasida avtonom turmush tarzi keng yoyilib ketmoqda. Nima qilmoq kerak? Ijtimoiy begonalashuvni bartaraf qilish uchun insonlarni bir-birlari bilan munosabatlari, muammolarini haqiqiy birdamlik va hamkorlik asosiga qurish kerakki, shunda har bir inson o‘zini boshqalar ham uchun kerak ekanligini chin yurakdan his qilsin.
“Insondagi ruhiyat tobora so‘nib bormoqda. Ruh sustlashganda esa inson tubanlashib ketadi”, – nemis faylasufi Fridrix Nitsshe ana shu tubanlashishni begonalashuv deb atagan. Ilm ahlining “Bu ruhni tiklay oladigan kuch mavjudmi?” degan savoliga Nitsshe “Iroda kuchi” deb javob bergan. “U orqali kishi nafaqat o‘z ichki dunyosi, balki tashqi muhitni ham o‘zgartirib yuborish mumkin”. Bu bilan Nitsshe nima demoqchi? Loqaydlikni yengish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va odamlar orasidagi azaliy bog‘liqning uzilmasligi – barchasi insonning o‘z qo‘lida ekan-da? Buni turli ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan izohlaydiganlar xato qilmaganmikan? Axir, iroda kuchi taqsharida emas, insonning o‘zida-ku...
Mohlaroyim QAYuMOVA