Bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyatning barcha sohalariga keng joriy etish hamda ulardan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Jumladan, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tizimida ham bu borada ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.
Tizimda paxta xomashyosini qabul qilishdan boshlab, uni qayta ishlash, saqlash va sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida elektron hisobot va nazorat tizimini yaratish va joriy qilishga alohida ahamiyat berilmoqda.
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi paxta tozalash korxonalari va tayyorlov maskanlarida fermer xo‘jaliklaridan keltirilayotgan paxta xomashyosini to‘g‘ri va tezkor o‘lchash, sifatli tekshirish hamda qabul qilish maqsadida zamonaviy elektron tarozilarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: mazkur yangi texnik vositalarning abzalligi nimada? Mexanik avtomobil tarozilarini elektron tarozilarga almashtirish orqali qanday natijalarga erishiladi?
Mutaxassislarining ta'kidlashicha, paxta elektron tarozilarda tortilganda “inson omili”ning ta'siri tufayli obektiv va sub'yektiv sabablarga ko‘ra, xatolar ehtimoli bartaraf etiladi, noqonuniy xatti- harakatlarga barham beriladi, fermer xo‘jaliklari tomonidan keltirilgan paxtani o‘lchash vaqti kamayadi, aniqligi oshadi, shaffoflik ta'minlanadi, xomashyoning sifat ko‘rsatkichlari borasidagi tezkor ma'lumotlar olinadi.
“Avvallari paxtani mexanik tarozida tortilganda paxtani olib kirish va bo‘shagan tirkamalarning olib chiqib ketilgunigacha bo‘lgan hamma hujjatlar qo‘lda to‘ldirilardi. Bunda ham obektiv va sub'yektiv sabablar tufayli turli xatoliklar yuzaga kelish ehtimoli yuqori edi. Bu ham ortiqcha vaqt, ham turli ovvoragarchiliklarni keltirib chiqarardi. Yangi texnologiyaning joriy qilinishi esa bu muammolarni bartaraf etadi. Inson omilining ta'siri bo‘lmaydi. Avvalgidek, tarozibonga ham xojat yo‘q. Barchasi raqamli texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Fermer yoki uning vakili barcha jarayonni bevosita o‘rnatilgan tablo orqali kuzatib turish imkoniga ega bo‘ladi. Mexanik tarozilarni elektron tarozilarga almashtirish bilan paxtani o‘lchashdagi aniqlik oshadi, o‘lchash vaqti qisqaradi. Hammasi tez va oson bitadi”, deydi “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Ishlab chiqarish faoliyatini muvofiqlashtirish va yagona texnik siyosatni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Sabirov.
Aytish kerakki, mazkur yangi o‘lchov va tekshiruv uskunalarini o‘rnatish ishlari “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va bir necha hamkor korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan tarmoq jadvali asosida yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda bu jarayonga mazkur sohada katta tajribaga ega bo‘lgan 3 ta kompaniya jalb qilingan.
“Paxtani qabul qilish, tortish, sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash va qayd etish uchun maxsus elektron dastur yaratildi. So‘nggi rusumdagi xorij texnologiyalari, o‘chlov asboblari, elektron tablolar keltirib, o‘rnatilmoqda. Bu jarayonlar shaffofligini ta'minlash maqsadida har bir nuqtaga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Yig‘ilgan ma'lumotlar Markaziy tarmoqda yig‘iladi, jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib turiladi. Maqsad hisob-kitob jarayonlarida aniqlikka erishish, tezkorlikni ta'minlash”, deydi “ASI” MChJ kompaniyasi direktori Nikolay Abramov.
Xo‘sh, amalga tadbiq qilinayotgan yangi tizimning ishlash tartibi qanday? Ishlash jarayonlari haqida “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Axborot texnologiyalari bo‘limi boshlig‘i Farid Zagdutdinov tushuntirish berdi:
“Hozirgi kunda Respublikamizdagi barcha paxta tozalash korxonasi va tayyorlov maskanlariga elektron tarozilar o‘rnatiladi. Tayyorlov punktlarida fermer xo‘jaliklaridan transport vositasida olib kelingan paxta xomashyosining sanoat navi, namlik va ifloslik darajasi instrumental usulda aniqlanadi va qabul qilish uch zonali tizim bo‘yicha amalga oshiriladi:
1-zona—Namuna olish. Bu yerda namuna oluvchi xodim O‘zbekiston “Sifat” markazi va Fermerlar kengashi vakili guvohligida keltirilgan paxtadan namuna oladi. Birlashtirilgan namunalar bo‘yicha paxtaning standart talablari va “yo‘riqnoma” bo‘yicha paxtani qabul qilish mumkinligi, tashqi ko‘rinishi bo‘yicha sanoat navi etalonga taqqoslanib, organoleptik usulda aniqlanadi.
2-zona—Operator. Bu yerdagi elektron tarozida paxtaning brutto og‘irligi aniqlanadi va fermerning plastik kartasiga tushiriladi, yuk xati (1-SX) rasmiylashtiriladi. Bo‘shatilgan transport vositasining tarasi chiqarilib, natijasi aniqlanadi. Ma'lumot to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompyuter orqali tabloga va Markaziy tarmoqqa uzatiladi.
3-zona—Dispetcher. G‘aram maydonlariga hamda omborxonalarga paxta tushiriladi va partiyalarga joylashtiriladi.
Birinchi zonada paxta xomashyosidan olingan namunalar Tahlilxona (laboratoriya)ga kelib tushadi. Bu yerda paxta xomashyosining sanoat navi, namligi va iflosligi davlat standartlariga asosan laboratoriya uskunalarida aniqlanadi. Olingan natijalar kompyuter orqali tablo va Markaziy tarmoqqa uzatiladi.
Yig‘ilgan yakuniy ma'lumotlar Buxgalteriyaga borib tushadi. Bu yerda PK-17 kvitansiyasi 5 nusxada chiqariladi va rasmiylashtiriladi. Yig‘ilgan barcha ma'lumotlar Respublika monitoring markazida yig‘iladi va uning kunlik elektron hisobi yuritiladi”.
2016 yilda yetishtirilgan paxta hosilini to‘g‘ri va tezkor o‘lchash, sifatli tekshirish hamda qabul qilish maqsadida zamonaviy elektron tarozilarni o‘rnatish ishlari joriy yilning 1 avgustigacha, ya'ni yangi yig‘im-terim mavsumi boshlanguniga qadar respublikadagi barcha paxta tozalash korxonalari va tayyorlov maskanlarida o‘rnatiladi.
Hozirda yangi tizimda faoliyat olib boruvchi mutaxassislarni saralab olish, ularning tizim bo‘yicha malaka va bilimlarini oshirish maqsadida maxsus grafik asosida hududlarda o‘quv seminarlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Sohada bu kabi yangi texnologiyalarning joriy qilinishi paxtachilik sohasidagi samaradorlikning yanada oshishiga xizmati qilishi shubhasiz.
“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Matbuot xizmati.