Amerikalik ultra-marafonchi Din Karnasis bugun Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab yugurish maqsadida O‘zbekistonga yetib keldi va O‘rta Osiyodagi 3 mamlakat bo‘ylab o‘tadigan 525 kilometrlik masofani yugurishni Toshkentda boshladi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.
1 iyul kuni amerikalik mashhur ultramarafon sport ustasi Din Karnezes ishtirokida Markaziy Osiyoning 3 davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) bo‘ylab marafon yugurishiga start berildi.
Ushbu marafon Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ko‘rkam “Minor masjidi” kompleksi oldida tashkil etildi.
Haqiqiy bayramona ruhda tashkil etilgan marafonning ochilish marosimida AQShning O‘zbekistondagi Elchisi Pamela Spratlen so‘zga chiqib, ushbu marafon O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlanganini aytib o‘tdi. Pamela xonim Din Karnezesga Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab 525km.ni tashkil etuvchi (Toshkentdan Qozog‘iston va Qirg‘izistongacha) yugurishi oldidan oq yo‘l tiladi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Din Karnezes O‘zbekistonni juda mexmondo‘stligini va shaharning go‘zal maskanlari bo‘ylab o‘tishidan mamnunligini aytib o‘tdi.
O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasining terma jamoa a'zolari va Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari Din Karnezesni Qozog‘iston chegarasigacha hamrohlikda yugurib kuzatib qo‘yishdi.