O‘zbekiston maxsus xizmatlari Turkiya rasmiylaridan O‘zbekiston fuqarolarining Istanbuldagi teraktga aloqadorligi haqida hech qanday xabar olmagan. Bu haqda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaga asoslanib, Sputnik xabar qildi.
Bundan oldinroq Reyter agentligi va boshqa bir qator nashrlar Istanbuldagi terakt ijrochilari Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.
«Turkiya tomonidan biz hech qanday bildirish kelib tushmadi. Agar ma'lumot kelsa, biz belgilangan tartibda ish olib boramiz», — deyilgan manba ma'lumotida.
29 iyunga o‘tar kechasi Istanbul shahridagi Otaturk nomli xalqaro aeroportga 3 nafar terrorchi uyushtirgan hujum oqibatida 43 kishi qurbon bo‘ldi, 239 kishi jarohatlandi.
Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim bu terakt ortida IShID turgani haqida ma'lum qildi.
Bugun Turkiya maxsus xizmatlari shaharning 16 nuqtasida o‘tkazilgan reydlar vositasida teraktga aloqadorlikda gumon qilib, 13 kishini qo‘lga oldi. Ulardan 4 nafari xorijlik.
Yeni Safak nashri Istanbul teraktlarini chechenistonlik terrorchilar uyushtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi. Xabarda aeroportda o‘zini portlatganlardan biri "Imarat Kavkaz" guruhi vakili Ahmed Chatayev ekani aytilgan.
DHA agentligi esa terrorchilardan biri kelib chiqishi chechen bo‘lgan Rossiya fuqarosi Osman Vadinov bo‘lgani, u Turkiyaga Suriyaning Raqqa shahridan kelgani haqida yozdi.