Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu haqda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Hamma Ronaldu haqida gapiradi. Bilasizmi nega? Chunki u tengi yo‘q futbolchi. Faqat buyuk futbolchilar haqida juda ko‘p gapirishadi. Yevropa chempionatida yuzlab futbolchi qatnashmoqda, ammo ularni har kuni muhokama etishyaptimi? Yo‘q. Krishtianu bo‘lsa, doim hammaga kerak.
Biroq bu narsalar Ronalduni chalg‘itmaydi. U bosimga qarshi harakat qila oladi. Va qachon zarur bo‘lsa, o‘shanda top darajada o‘yin ko‘rsatadi.
Ronalduning zarbalariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, unda maydon uzra to‘liq erkinlik bor. Albatta, ertaga men Krishtianu raqib darvozasiga 15 marta zarba berishini va 10 ta gol urishini xohlayman. Ammo Polsha Ronalduga erkin hujum qilishiga imkon bermaydi.
Polsha – ajoyib raqib. U top darajada o‘ynay oladi. Shu bois men Portugaliyani favorit deb hisoblamayman. Jamoalar imkoniyati 50/50. Ammo biz g‘alabaga ishonamiz. Polsha yetarli darajada o‘zgargan. Unda Levandovski, Blashikovski singari futbolchilar bor. Jamoa tez va agressiv o‘yin ko‘rsatadi. Bunday jamoalar doim xavfli bo‘lib kelgan. Polsha bekorga o‘z guruhida yetti ochko jamg‘argani yo‘q. Saralashda esa Germaniyani mag‘lub etishgan edi.
Raqib hujumda ham, himoyada ham yaxshi harakat qiladi. Jamoa hujumga juda tez o‘tib ketadi. O‘ylaymanki, bizni taxminan Xorvatiya bilan bo‘lgan o‘yin singari shiddatli uchrashuv kutib turibdi”, - dedi Santush.
Manba: Tribuna.Uz