OAV: Mourino qo‘li ostida ishlashni istamagan Giggz "MYu"ni tark etdi

Sport 09:06 / 30.06.2016 4471

"Manchester Yunayted" jamoasida sobiq bosh murabbiy Lui van Gaalga yordamchi bo‘lgan Rayan Giggz jamoaning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinoning murabbiylar shtabi tarkibiga kirishni istamadi va klubni tark etdi. Bu haqda Daily Mail xabar tarqatdi.

Qayd etilishicha, u o‘z vakolatlari kamaytirilgan lavozimda ishlashni hamda Mourinoga bo‘ysunishni istamagan. Giggzning vakillari rahbariyat bilan uning shartnomani muddatidan 1 yil oldin yakunlashi va tovon puli bo‘yicha muzokaralarni boshlashgani aytilgan.

May oyida 2 mavsumdan buyon jamoani boshqargan Lui van Gaal bilan shartnoma qoniqarsiz natijalar tufayli bekor qilindi va Joze Mourino bilan 3 yillik shartnoma tuzildi.

"Manchester Yunayted" o‘tgan mavsumni APLning 5-o‘rnida yakunladi va Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi.

Uelslik Giggz futbolchilik faoliyatini "MYu"ga bag‘ishlagan. U jamoa safida 672ta o‘yin o‘tkazib, bu o‘yinlarda jami 114ta gol urgan. Giggz "MYu" bilan Angliya chempionatida 13 marta g‘olib bo‘lgan, 4 marta Angliya Kubogi sohibi bo‘lgan, 9 marta mamlakat Superkubogida g‘alaba qozongan. Shuningdek, 2 marta YeChLda zafar quchgan. 2014 yilda Devid Moyyes ishdan chetlatilganida Giggz uning o‘rniga jamoani vaqtinchalikka boshqargandi.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: