Istanbul aeroportida sodir etilgan teraklardan so‘ng, feysbukning ko‘plab foydalanuvchilari do‘stlari va yaqinlaridan ularning hayoti xavfsiz ekanligi to‘g‘risida xabar ola boshlashdi.
Abdulhakim Bugda ismli turk yigiti ham bu funksiyadan foydalangan edi.
"Bu mash'um kechada Bugda aeroport ichida xizmat qilayotgan bo‘lgan. Zalga to‘satdan terrorchilar bostirib kelganida, u oilasi va do‘stlariga sog‘ va omon ekanligini bildirishga urinadi va feysbukdagi "Men xavfsiz yerdaman" degan tugmani bosadi...", - deydi Abdulhakimning qarindoshi Odil Batur.
«Abdulhakim onasi bilan birga Istanbulning Zaytunburn viloyatida yashar edi. U yoshligida otasidan ayrilgan, akasi esa Germaniyada yashaydi. U mehnatsevar, adolatparvar, yaxshi do‘st edi. Biz hanuz bu voqeaga ishongimiz kelmaydi…»
Bir yarim oycha avval Abdulhakim Otaturk aeroportiga qarashli kompaniyalardan biriga ishga kirgan edi.
«U yaqindagina harbiy xizmatdan qaytgan edi. Fojia kuni ham u ishda bo‘lgan. Portlash haqida eshitishimiz bilan, biz unga qo‘ng‘iroq qildik. Lekin bog‘lana olmadik. Uning tarmoqdagi sahifasiga kirdik. U yerda "Men xavfsiz yerdaman" degan xabar bor ekan. Buni ko‘rib ko‘nglimiz hotirjam bo‘ldi va unga hozircha qo‘ng‘iroq qilmaslikka qaror qildik. Erta tongda olgan xabar esa bizni dovdiratib qo‘ydi», - deydi Batur.
Bakirkyoy kasalxonasi Abdulhakim o‘sha kechada halok bo‘lganini yaqinlariga ma'lum qilgan.
Abdulhakimning onasi: "Bu qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi. Axir u feysbukda sog‘ va omon ekanligini aytgan. Qanday qilib bunday bo‘lishi mumkin? ... U kasalxonaga jarohat olib borganmi yoki ... Biz hech narsani bilmaymiz. U ishlayotgan kompaniya ham biz hech nima aytmadi... Biz hali ham ishonmayapmiz".