O‘zbekistonning yosh sportchilari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida yigirma yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Vazni 77 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan Shahzod Xudoyberganov shtangani siltab ko‘tarishda 184 kilogramm natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shtangani dast ko‘tarishda 145 kilogramm, ikkikurashda 329 kilogramm natija qayd etdi.
Vazni 58 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar bahsida Muattar Nabiyeva shtangani dast ko‘tarishda 95 kilogramm, siltab ko‘tarishda 112 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra, 207 kilogramm natija bilan bir yo‘la uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasidan ma'lum qilinishicha, 30 iyun kuni o‘tkaziladigan bahslarda yana bir o‘zbekistonlik atlet Farhod Sobirov vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.