O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, internet tarmog‘ining milliy segmentida elektron manzillarning yagona ro‘yxati barpo etiladi. Vazirlikning shu mazmundagi buyrug‘i loyihasi http://regulation.gov.uz/ saytiga muhokama uchun joylashtirilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, yagona ro‘yxatga olishni joriy qilish, monitoringini olib borish va umuman yagona ro‘yxatni amalga kiritish - milliy internet segmentining hududidan samarali foydalanish, milliy telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va rivojlantirish, uning xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida joriy etiladi.
O‘zbekistonning milliy internet segmentiga, O‘zbekiston hududida joylashib, respublika hududi orqali internetga ulanadigan axborot tarmoqlari, tizimlari va resurslari yoki milliy segment nomidan foydalanuvchi saytlar kiradi.
Buyruq loyihasiga binoan, manzil kengliklari (IP-manzillar diapazoni) mintaqaviy internet-registratori talablariga muvofiq zaruriy jarayonlardan so‘ng ro‘yxatga olinib, O‘zbekistonning mahalliy internet-registratori maqomini olgan yuridik shaxslariga biriktirilgandan keyin milliy hisoblanadi.
Internet manzillarining yagona ro‘yxatini yuritish, hisobga olish va monitoring qilish vazifasini O‘zbekiston axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi qoshidagi Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi bajaradi.