O‘zbekistonda donni tamg‘alash va qadoqlash bo‘yicha muayyan majburiy talablar o‘rnatildi

O‘zbekiston 19:39 / 29.06.2016 8389

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31 martdagi “Don xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorida sohaga doir yagona talablar belgilandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.   

Qarorga ko‘ra O‘zbekiston hududida muomalaga chiqariladigan don, uni yetishtirish, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish, utilizatsiya qilish jarayonlariga qo‘llash va bajarish uchun yagona va majburiy bo‘lgan xavfsizlik talablari qabul qilindi. Donni tamg‘alash va qadoqlash bo‘yicha muayyan majburiy talablar o‘rnatildi. 

Yangi texnik reglamentga ko‘ra, endilikda bu standartlarning talablari umumlashtirilib, 29 turdagi oziq-ovqat va ozuqa yem ekinlariga qo‘llaniladi. Texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha xalqaro normativ hujjatlarga mos bu reglament tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratadi. Mazkur texnik reglament 2017 yilning 11 oktabridan kuchga kiradi.

Texnik reglament asosida tartibga solinadigan mahsulotlar sirasiga qattiq va yumshoq bug‘doy, javdar, tritikale, suli, arpa, tariq, sholi, makkajo‘xori, loviya, no‘xat, yasmiq, mosh, burchoq, soya, raps, zig‘ir, yeryong‘oq, kunjut, paxta, xantal va boshqalar kiradi. Shu kabi  oziq-ovqat va ozuqa yem maqsadlariga mo‘ljallangan donda toksik elementlar, benzopiren, pestitsidlar, radionuklidlar, zararli aralashmalar va don zararlanganligining chegaraviy ruxsat etiladigan darajalari, qadoqlashga bo‘lgan sanitariya-gigiyena talablari ham o‘z ifodasini topgan.

Ko‘proq yangiliklar: