Turkiyada yana bir terakt. Istanbul aeroportida nimalar ro‘y berdi?

Jahon 10:27 / 29.06.2016 31133

29 iyunga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan soat 00:00da Istanbul shahridagi Otaturk nomli xalqaro aeroportga terrorchilar hujum uyushtirdi. 

Aeroportga kirish, chiqish va avtomobillar to‘xtash joyida sodir etilgan uchta portlash va otishmalar oqibatida 36 kishi qurbon bo‘ldi, 147 kishi yaralandi.

Ba'zi nashrlarda qurbonlar soni 50 nafar atrofida ekani aytilgan.

Reuters xabariga ko‘ra, qurbonlar orasida xorijliklar ham bor.

Guvohlar aeroportga uch nafar kamikadze-terrorchi bostirib kirib, avtomatdan chor atrofga o‘q sochganini aytishdi.

"Biz… bir yigit atrofga tartibsiz ravishda o‘q uzayotgani guvohi bo‘ldik. U o‘z oldidan chiqqan duch kelgan kishini o‘qqa tutar edi. U qop-qora kiyimda edi. Niqobsiz", — deb hikoya qildi fojiaga guvoh bo‘lgan sayyohlardan biri.

Yana bir guvob bu shaxsning qurolidan 50dan ortiq o‘q chiqqanini sanagan.

Aeroport xodimlarining aytishicha, odamlar portlashlardan ko‘ra, sinib ustiga tushgan oynalardan ko‘proq jabrlangan.

Internetga voqea joyidagi holatni tasvirlovchi videolar joylashtirildi.

Avvaliga bu terakt tashkilotchiligida gumon qilinib, IShID va Kurdiston ishchilar partiyasi tilga olindi. Keyinroq KIP vakili "tashkilot tinch aholi vakillariga hujum uyushtirmasligi, qolaversa aeroportdagilarning aksari turkiyaliklar bo‘lmagani" haqida bayonot berib, bu gumonlarni inkor qildi.

Aeroportga tashrif buyurgan Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim bu hujum ortida IShID turgani haqida aytdi.

Bu terakt IShID tashkil topganiga 2 yil to‘lgan kunda amalga oshirildi. IShID 2014 yilning 29 iyunida xalifalik sifatida e'lon qilingandi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Fransiya przidenti Fransua Olland, Germaniya kansleri Angela Merkel, BMT bosh kotibi Pan Gi Munva boshqalar ushbu fojiaga aloqador kuchlarni qattiq qoralab chiqdi.

AQSh Istanbulga barcha reyslarni bekor qildi.

Oq uy matbuot xizmati vakili Josh Ernest qo‘shma shtatlar Turkiyaning terrorizmga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi. AQSh bosh prokurori Loretta Linch rasmiy Vashington Anqaraga hodisa tafsilotlarini tekshirishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi jabrlanganlar uchun qon yig‘ishga kirishdi.

Ko‘proq yangiliklar: