Istanbuldagi Otaturk nomidagi xalqaro aeroport o‘z ishini qayta boshladi, yo‘lovchilarni qabul qilish va jo‘natish amalga oshirilmoqda. Bu haqda portlashlar joyiga kelgan Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim ma'lum qildi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ikkita portlash oqibatida 36 kishi halok bo‘lgan, 147 kishi jarohat olgan.
Yildirimning aytishicha, aeroportdagi terakt ijrochilari IShID a'zolari bo‘lishi mumkin.
"Hozir tergov ixtiyorida bo‘lgan dastlabki ma'lumotlar teraktni IShID guruhi amalga oshirganini ko‘rsatmoqda. Terrorchilar aeroportga taksida kelgan, o‘t ochib, keyin o‘zini portlatib yuborgan", deb aytdi bosh vazir . Yildirim "aeroportda xavfsizlik choralari nuqtai nazardan xatoliklar bo‘lmaganini" aytdi.