Bir oz avval saytimiz orqali O‘zbekiston hududida moliya piramidasi tashkil etgan Chinozlik Ahmadboy Tursunboyevning qo‘lga olingani, shuningdek, 16 iyun kuni «Toshkent» telekanalida, noqonuniy valyuta operatsiyalari bilan shug‘ullanib kelgan, xalq orasida "Ahmadboy" deya nom qozongan Ahmadjon Tursunboyev haqida qisqa maxsus reportaj namoyish etilgani to‘g‘risida xabar bergandik. Bu boradagi gap-so‘zlar hali tinib ulgurmay, Ahad Qayum instagramdagi sahifasi orqali Ahmadboyga atab yozgan she'rini joylashtirdi. Yosh shoir ushbu she'r muxlislar talabiga binoan yozilganligini izoh tarzida yozib qoldirgan.
Odamlardan to‘plab qancha oltin-zar,
Qaytaraman debsiz ikki barobar.
Jabr qilib elu-yurtga dardisar,
Endi hech kim rahmat demas, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!
Bechoralar ishlatmayin kallani,
Kalla desa opkelibdi sallani.
Siz ham poylab ayni kerak pallani,
Fil ham axir sizcha yemas, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!
Birov haqi yuqmas emish birovga,
Joningizni qo‘yibsizda garovga.
Bekor qibsiz suvlar sepib olovga,
Ketdi pullar Kamaz-kamaz, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!
Almashibsiz paxtalarni taxtaga,
Ayrim kunlar taxtalarni paxtaga.
Pulim yetar debsiz tilla yaxtaga,
O‘zingizni bosing bir pas, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!
Xafa bo‘lmang shoir Ahmad Qayumdan,
She'r yozing deb talab qilishdi undan.
Ranjimang siz endi aslo hech kimdan,
Bu so‘zlarim sizga bir dars, Ahmadboy.
Bu so‘zlarim sizga bir qarz, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!
Odamlardan to‘plab qancha oltin-zar,
Qaytaraman debsiz ikki barobar.
Jabr qilib elu-yurtga dardisar,
Endi hech kim rahmat demas, Ahmadboy.
Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!