Oramizda ayrim ota-onalar borki, farzandlarini o‘qishga borayaptimi, yo‘qmi qiziqishmaydi ham. Ustozlari maktabiga yoki kollejiga chaqirishganidagina bolasini tuzuk-quruq ta'lim olmayotganidan xabardor bo‘lishadi.
Do‘stmuhammad (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham maktabni tugatgach, o‘rtoqlariga qo‘shilib hujjatlarini Mirzo Ulug‘bek tumani Axborot va Informatika texnologiyalari kollejiga topshirdi. Dastlab o‘rtoqlariga qiziqib o‘qishga borib yurdi. Biroq u ikkinchi kursga o‘tgach, o‘qishlarini o‘lda-jo‘lda qilib tashlab qo‘ydi.
Kunlarning birida Do‘stmuhammadning onasi Mukambaroy opani o‘qituvchisi Nafosatbegim xonasiga chaqirtirdi va jurnalni ko‘rsatdi. Do‘stmuhammad noyabr oyidan to may oyigacha tuzukroq o‘qishga kelmaganligini, uning kunlik bahosini va kunlik kelib ketishini jurnalga belgilash lozimligini ta'kidladi.
Onaizor bolasi uchun har qanday yumushga tayyor edi. Shuning uchun Nafosatbegimga “Ustozi, hammaning narsaning ham iloji bor deyishadi. Bir yo‘lini qiling. Six ham kuymasin, kabob ham” dedi.
Nafosatbegim biroz o‘ylanib turdida dilidagini tilga chiqarib dedi: “Sizning hurmatingizni joyiga qo‘yib, faqatgina siz uchun o‘g‘lingizning barcha ayblarini yopaman. Jurnalni ham xuddi o‘g‘lingiz darslarga kelib ketgandek qilib belgilayman. Bahosini ham qo‘ydirtiraman. Buning evaziga har oyiga 100.000 so‘mdan berasiz. Rozimisiz?”
Mukambaroy uning bu taklifiga jon-jon deb rozi bo‘ldi.
Xullas uning sayoq o‘g‘li yana o‘qishin davom ettiradigan bo‘ldi.
kollejni tugatdi. Diplom olishga ham jonkuyar o‘qituvchisi Nafosatbegim qalqon bo‘ldi.
U №384 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan diplomni mazkur kollejni “Axborot tizimlari va texnologiyalari” fakultetini tugatganligi to‘g‘risida soxta yozuvlar kiritib, Do‘stmuhammadga qalbaki diplom berdi.
O‘rta maxsus kasb-hunar ta'lim markazining chiqish xatiga ko‘ra №384 raqami ostidagi diplom Abdusattarov Abduniyoz Sayfiddin o‘g‘liga berilganligi aniqlandi.
Bu ish sudga oshirildi. Nafosatbegim oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab qoldi. So‘ngra u darhol “Amnistiya to‘g‘risida”gi qarorga asosan bu jinoiy ishni tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildi.
Sud, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman prokurorining Nafosatbegim Xayriddinovaga nisbatan jinoyat ishini “Amnistiya to‘g‘risida”gi Qarorining 1-bandining kichik “a” bandi va 5-bandiga asosan tugatish to‘g‘risidagi iltimosnomasini, N.Xayriddinovaning sudga taqdim qilgan arizasini o‘rganib chiqib, sodir etgan jinoyat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirishini e'tiborga olib “Amnistiya to‘g‘risida”gi Qarorining 5-bandiga asosan tugatishni lozim deb hisobladi.
Bag‘rikenglik va kechirimlilik o‘z aksini topgan ushbu Qarordan Nafosatbegim va oila a'zolari mamnun bo‘lishdi. Endi u ustoz degan sharafli nomga dog‘ tushirmaydigan bo‘ldi.
Xonbibi HIMMAT qizi