Qirg‘iziston hukumati Qozog‘istonda kuydirgi kasalligi avj olganligi tufayli chegaradagi nazoratni kuchaytirdi. Bu haqida Qirg‘iziston qishloq xo‘jalik va melioratsiya vazirligi xabar berdi.
"Qozog‘istonda kuydirgi kasalligi avj olganligi bois Qirg‘iziston Respublikasi hukumati huzuridagi Veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi bo‘yicha davlat inspeksiyasi Qozog‘iston bilan davlat chegarasida Qirg‘iziston hududiga chorvachilik mahsulotlari olib kirilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi", - deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston hukumati qabul qilingan choralar yuzasidan Qozog‘iston hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasiga "Yevroosiyo komissiyasi ittifoqiga a'zo mamlakatlar hududiga zararlangan mahsulot olib kirishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishi zarurati haqida" xabar jo‘natdi.
Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida kuydirgi kasalligining avj olganligi qayd etilgan, buning natijasida 9 nafar kishi shifoxonaga yotqizilgan, 2 nafari hayotdan ko‘z yumgan.