Erdo‘g‘an Su-24 uchun Putindan uzr so‘radi

Jahon 18:15 / 27.06.2016 37704

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya samolyoti Su-24 urib tushirilgani uchun uzr so‘rab Rossiya prezidenti Vladimir Putinga maktub yozgan. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov ma'lum qildi.

"Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga Turkiya prezidenti Erdo‘g‘andan kelgan murojaatda Turkiya yetakchisi Rossiya harbiy samolyoti halokati bilan bog‘liq vaziyatni iziga tushirishga qiziqish bildirdi", dedi Peskov.

Qayd etilishicha, Turkiya prezidenti o‘z maktubida Su-24 uchuvchisining o‘limi uchun hamdardlik bildirgan.

Peskovning ta'kidlashicha, Erdo‘g‘an maktubda "uzr" so‘zini ishlatgan.

"Men qurbon bo‘lgan rossiyalik uchuvchi oilasiga yana bir bor o‘zimning hamdardligimni izhor qilib, chuqur ta'ziya bildiraman va kechirim so‘rayman. Butun yuragim bilan ularning dardiga sherikman. Rossiyalik uchuvchi oilasini turk oilasi sifatida qabul qilamiz. Yetkizilgan qayg‘u va zararni qoplash uchun biz har qanday tashabbusga tayormiz", deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltiradi matbuot xizmati.

Rossiya rahbariga yo‘llangan maktubda Turkiya rahbari Anqaraning Rossiya bilan munosabatlarni barbod qilishni istamasligi haqida ham yozilgan.

O‘z xatida Erdo‘g‘an "Rossiya va Turkiya uchun odatiy bo‘lgan do‘stona munosabatlarni tiklash uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilishga, shu bilan birga hududdagi mojarolarni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilishga hamda terrorchilikka qarshi hamkorlikka tayyor ekanini" ta'kidlagan.

Shuningdek, murojaatda Erdo‘g‘an rossiyalik harbiyning halokatiga aloqador Turkiya fuqarosiga nisbatan tergov ishlari davom etayotganini uqtirgani aytilgan.

Bundan oldinroq, Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim "Rossiya bilan munosabatlar iliqlashishi" jarayoni ketayotganini aytib o‘tgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 24 noyabrida Suriya hududida Rossiya Harbiy-koinot kuchlarining Su-24 rusumli bombardimonchi samolyoti turkiyaliklar tomonidan urib tushirilgandi. Turkiya tomoni bu samolyot o‘z havo hududini kesib o‘tganini iddao etdi. Rossiya esa samolyot faqat Suriya hududida bo‘lganini ta'kidladi.

Putin ushbu voqeani "ortdan berilgan zarba" deb atagan va Turkiyaga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar kiritgan edi.

Shundan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: