2016 yilning aprel oyida bir guruh xasta bolalar Fransiyaning “Umid rishtalari” uyushmasi shifokorlari ko‘rigidan o‘tishgan edi.
24 may kuni esa ular “Sen Yolg’iz Emassan” fondi tomonidan Fransiyaning Nant shahriga o‘z onalari bilan birgalikda jo‘natildi. Jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bolalarning operatsiyalari muvaffaqiyatli tamomlandi. Bu haqida fond raisi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining feysbukdagi rasmiy sahifasida xabar bergan.
Besh oylik Asilbekov Behruzda murakkab tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan. Ushbu kasallik murakkab jarrohlik aralashuvini talab qilib, mazkur operatsiyani Behruzga Fransiyaning “Umid rishtalari” uyushmasi kardiojarrohi, professor Olive Baron bajardi. Operatsiyadan 8 kun o‘tgach, Behruzbek kasalxona qoshidagi kichik bemor va ularning ota-onalari uchun mo‘ljallangan maxsus korpusga ko‘chirilib, u yerda uch hafta o‘z onasi yonida ambulator davolanishni fransiyalik kardiopediatrlar nazorati ostida davom ettirdi.
To‘qqiz oylik Abduboriyeva Odinaga dekstrokardiya tashxisi qo‘yilgan edi. Takroriy o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik shuni ko‘rsatdiki, qizaloqning ahvoli uning hayoti uchun xavf tug‘dirmaydi. Shu sababli fransiyalik shifokorlar hozirgi vaqtda qizaloqning sog‘lig‘i jarrohlik aralashuvini talab etmaydi degan xulosaga keldilar.
Endilikda Odina Toshkentda kardiologlar kuzatuvi ostida bo‘ladi.
Termizlik ikki yoshar Mamarajabova Hayotxon o‘ta murakkab, bir necha bosqichli jarrohlik aralashuvini talab etuvchi yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Operatsiyaning birinchi bosqichi fransiyalik shifokorlar tomonidan 30 may kuni amalga oshirildi.