Ispaniyada 26 iyun kuni o‘tgan Bosh kortesga (ikki palatali parlament) muddatdan avvalgi saylovlar vaqtida saylov uchastkalarida ikki nafar keksa saylovchi vafot etdi.
92 yoshli erkak Madridda joylashgan Ortega y Gasset kollejida ovoz bergandan keyin infarkt o‘tkazgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmagan, deb ma'lum qildi La Sexta telekanali. Santa Koloma de Farnersda (Kataloniya muhtor hamjamiyati) yashovchi 79 yoshli erkak ovoz berish uchastkasida yurak xurujidan vafot etgan.
Ovoz berish davomida boshqa noxush voqealar qayd qilinmagan.
Ispaniyaliklar quyi palataga 350 deputat va 208 senatorni saylashdi. Ispaniyada hammasi bo‘lib 36,5 mln fuqaro ovoz berish huquqiga ega. Siyosiy birlashmalar uchun o‘tish chegarasi 3 foizni tashkil qiladi.