Romario Rio-de-Janeyro shahri merligi uchun saylovda o‘z nomzodi bilan qatnashadi

Sport 10:38 / 21.06.2016 2699

Taniqli sobiq futbolchi, 1994 yilgi JChda Braziliya terma jamoasi safida chempion bo‘lgan Romario Braziliya Sotsialistik partiyasi nomidan Rio-de-Janeyro shahri hokimligi uchun saylovda o‘z nomzodi bilan qatnashmoqchi. 2014 yilda Federal Senatga (Milliy parlamentning yuqori palatasi) saylangan obiq futbolchining bu bo‘yicha bayonoti dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilingan.

"Men senatorlikka o‘z nomzodimni ko‘rsatganimda ko‘pchilik menda bu ish uchun tajriba yetishmasligi haqida gapirgandi. Lekin hozirgi siyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, eng tajribali siyosatchilar tez-tez panjara ortiga tushmoqda, menda bunday tajriba aniq yo‘q", degan Romario.

Braziliyada shaharlar merlari va munitsipalitet deputatlari saylanadigan birinchi tur saylovlari 2016 yilning 2 oktabr kunida bo‘lib o‘tadi. Ikkkinchi tur 30 oktabrga belgilangan. Ikkinchi turda birinchi bosqichda 200 ming nomzod orasida mutlaq darajada ko‘p ovoz olgan nomzodlar qatnashadi. Saylovoldi kampaniyasi 16 avgust kuni boshlanadi.

Romario 1987 yildan 2005 yilgacha Braziliya terma jamoasi safida 70ta uchrashuvda maydonga tushgan va 55ta gol urgan. U to‘purarlik borasida Pele va Ronaldodan keyingi uchinchi o‘rinda turadi. U terma jamoa bilan eng yuqori natijani 1994 yili AQSh maydonlarida kechgan JChda chempion bo‘lish orqali qayd etgan. Bundan tashqari u terma jamoa bilan 1989 yilgi va 1997 yilgi Amerika Kubogi turnirlarida zafar quchgan. Uning o‘z hisobiga ko‘ra, u o‘z faoliyati davomida 1000ta gol urgan, lekin FIFA bu ko‘rsatkichni tan olmaydi.

Romario 2002 yilda fotomodel Izabella Betankurga uylangan. Uning o‘g‘li Romarino 1993 yilda tug‘ilgan.

Rio-de-Janeyro shtati hududidagi Duki-di--Kashias shahrida Romario nomidagi stadion mavjud.

Futbolchilikdan ketgach, siyosat bilan shug‘ullana boshlagan Romario 2010 yilda Sotsialistik partiya nomidan Milliy kongressning (parlament) quyi palatasiga deputat etib saylandi. 2014 yilda esa u 4 milliondan ortiq saylovchining ovozini to‘plab, Rio-de-Janeyro shtati nomidan Federal senat senatori bo‘ldi.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: