Murod Nazarov: "Hayotim poydevorini yoshlikdan qurganman"

Light 10:52 / 21.06.2016 66264

Azaldan el orasida “O‘zbek xalqi-bunyodkor xalq”, degan gap yuradi. Bu bejiz emas. Sababi, sohibqiron Amir Temurning birgina so‘zlari bor: “Agar bizning shon-shuhratimizga shubhalansangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”.

Haqiqatan ham o‘zbek xalqi bunyodkor, yaratuvchi xalq. Bugun biz mana shu fazilat bilan dunyo hamjamiyati oldida bemalol faxrlansak arziydi. Sababi, bugun O‘zbekistonda qurilayotgan imoratlar, qad ko‘tarayotgan binolar ko‘pchilikni hayratga solmoqda. Aynan mana shu jarayonda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan kompaniyalardan biri bo‘lmish “Murad Buildings” bugun o‘zining keng ko‘lamdagi ishlari bilan ko‘pichlikning havasini keltirmoqda. Bugungi mehmonimiz mana shu kompaniya rahbari Murod Nazarov. 

-    Ayni paytda juda ko‘p loyihalar ustida ish olib borayotganingizga qaramay, bizga vaqt ajratib tahririyatimizga tashrif buyurganingizdan juda ham xursandmiz. 

-    Sizga ham taklif uchun katta rahmat aytaman. Haqiqatan ishlar juda ko‘p bo‘ladi. Lekin tajribamiz, maslahatlarimizni yoshlarga ulashish - bizning burchimiz. 

-    Juda ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan “Murad Buildings” kompaniyasining yaratilish tarixi haqida gapirib bersangiz... 

-    Rahmat. Aslida juda maqtab yubordingiz. “Murad Buildings” kompaniyasining tashkil etilganiga salkam ikki yil bo‘ldi. Lekin buning orqasida yigirma yillik tajriba yotibdi. Aslida, yoshlikda havaskor sifatida qurilish ishlariga qiziqib, bu bilan bevosita shug‘ullanib, uyda buvamga yordam berib, sakkiz yoshimda qo‘llarimni kesib qonatib, shu bilan zavqlanib yurganman. Birinchi uyimni 14 yoshda qurishimga to‘g‘ri kelgan. Otam bilan birga bir uy qurilishini boshlagan edik.

Otamning vafotidan keyin shu uy qurilishini yakunlab qo‘yishga ahd qildim. Chunki, mehr bilan boshlangan ishni oxirigacha tugatmasa yaxshi bo‘lmaydi, deyishadi. Shunday qilib, 14 yoshimda birinchi uyimni qurganman. O‘zimga qiziq bo‘lgani uchun ustalarga yordam berish, charchagan paytlarda ularni qiziq voqealarni so‘zlab bergan holda ruhlantirib, uyning tomlarini yopish, g‘ishtlarini quyish ishlarini ham o‘zim bajarganman.

Uy tayyor bo‘lgach, u yerga yashash uchun ko‘chib o‘tdik. O‘sha uyga ko‘chib o‘tganimizdan keyin men Yaponiyaga grand asosida o‘qishga kirdim. Ukam prezident tomonidan ta'sis etilgan Umid fondi orqali  Angliyaga o‘qishga ketgach, onam “Endi qanday yashayman. Ko‘chib kelishga keldik, endi nima bo‘ladi”, deya yolg‘iz qolishdan qo‘rqib turgan paytlarida elchixonadan chiroyli bir taklif tushgan. So‘ng shu taklif asosida uyni sotib yuborganmiz. Qaytib kelganimizdan so‘ng esa Yaponiyada zo‘r-zo‘r qurilgan uylarni ko‘rmaganmanmi, bu uylar o‘zimga yoqmay qoldi. Undanam zo‘rini qurgim kelib qoldi. Aslida, bu odatning quruvchilarda borligi tabiiy hol. Quruvchiga ish jarayonida yangi g‘oyalar kelib qoladida, "Bo‘ldi, buni qurmayman" deydi. Yoki uyni qurib bo‘lganidan so‘ng yangi, yanada yaxshiroq g‘oyalar kelib qolishi mumkin.

Shunday qilib, uyni sotganimizdan so‘ng yana bir uy qurdik. Mehr bilan qurganimiz uchunmi, uy yaxshi chiqqanidan so‘ng, ko‘chib o‘tdik. 2000-yillarda yaxshi uylar juda kam qurilgani uchunmi, “Uyingizni sotasizmi?", "Mabodo uyingizni sotmaysizlarmi?”, deya so‘rab keluvchilar ko‘p bo‘lardi. Xaridorlarning biri yaxshi taklif bildirgach, uyni sotib yubordik. O‘sha paytlarda shahrimizda obodonchilik ishlari davom etib, kichik halqa yo‘llari qurilayotgan, shahar markazida yangi uylar qurilishi arafasi edi. Shahar hokimi chaqirib, “Ancha tajribangiz bor ekan. Sizga joy ajratib beramiz, mana shu yerlarni chiroyli, obod qilsangiz bo‘ldi”, deya taklif bergan. Savol-javoblardan so‘ng balki fikrlarimiz ma'qul kelibmi, o‘sha begilangan yerning ma'lum qismini ajratib, qaror chiqarib bergan. Hozirgi “Avalon” biznes markazimizning yaratish tarixi shunday bo‘lgan. 

-     O‘zingiz aytib o‘tdingiz. Dastlabki, biznesga bo‘lgan qiziqishingiz 14 yoshingizda boshlangan ekan. Hozir ana shu yo‘llarda topgan yaqinlaringiz, biznesda orttirgan do‘stlaringiz va qarindoshlaringiz bilan birga ishlash munosabatiga qanday qaraysiz? 

-    Bu haqda juda ko‘pchilik savol beradi. Men esa tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bu yerda qarindoshmi yoki boshqa millatmi buning ahamiyati yo‘q. Biznes ishida ko‘rsatgan shijoati, qadriyatlari, uning dunyoqarashlariga e'tibor bergan holda o‘z guruhimizni yig‘ishimiz kerak. Chunki qarindosh bo‘ladimi, begona bo‘ladimi, men kelajakda ko‘rgan tasavvurlarimni u ham ko‘ra olsa, o‘z hissamni qo‘shaman, mana shu g‘oya  meni zavqlantiradi, deb bor shijoyati bilan kirishsa, farqi yo‘q, birga ishlashga harakat qilamiz.  

-    Ish bor joyda kamchilik bor. Jazolash kerak bo‘lgan paytlarda-chi, o‘z yaqiningizga nisbatan qanday yo‘l tutasiz? 

-    Birga ish boshlashdan avval yaxshilab gaplashib olish kerak. Rus millatida “Drujba-drujboy, slujba- slujboy” , ya'ni “Do‘stlik o‘z yo‘liga, xizmat o‘z yo‘liga”, degan bir maqol bor.  Qarindosh bo‘lgandan keyin faqat ishxonada, kerak paytda jazolanadi. Kerak bo‘lganda noqulay vaziyatlarda kelishib, gaplashiladi. Lekin kerak bo‘lganda xoh do‘st bo‘lsin yoki qarindosh, davrada hurmatini qilib, yaxshi salom-alik qilinadi. 

-    Demak xulosa shu bo‘lyaptiki, biznesda ishonch emas, professonalizm birinchi o‘rinda turadi, shundaymi?  

-    Albatta. Biznesga ilk qadam qo‘ygan yoshlar avvaliga bu ishni professionallar bilan boshlashga hayiqadi. Bir gap gapirsa yoki savol bersa professonallar mot qilib qo‘yadida. Shuning uchun uni ilk jarayonlarda qo‘llab-quvvatlovchilar yaqinlari bo‘ladi. Kelajakda ham professionallar bilan ishlay boshlagan taqdirda ham, yaqinlarning hurmatini har doim joyiga qo‘yib qo‘yish kerak.  

-    Murod Nazarov marketing yo‘nalishida e'tibor beradigan asosiy jihatlar?   

-    Marketing biz uchun juda u darajada glabal tushuncha emas. Zo‘r mahsulot chiqargan bilan uni yetkazib bera olmasangiz, sizning mahsulotingizga muhtoj bo‘lgan qancha odam sizni topa olmay, aylanib yurgan bo‘lish mumkin.  

Qiziqarli suhbatning to‘liq shaklini quyidagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbatni Xurshid Daliyev olib bordi. 
Intervyuni suratga olishda yaqindan yordam bergan SalomMedia studiyasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
 

Ko‘proq yangiliklar: