«Real» jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronalduning YeChL chorak finali doirasida «Roma» darvozasiga urgan goli 2015/16 yili Yevropa chempionlar ligasining eng yaxshi goli deb topildi. Bu haqda UYeFA matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Portugaliyalik futbolchining goli uchun so‘rovnomada 36 foiz kishi ovoz bergan. U o‘sha o‘yinning 57-daqiqasida rimliklar sardori Alessandro Florentsini ortda qoldirib, darvozaning yuqori chap burchagini aniq nishonga olgandi. Bu Ronaldu uchun YeChLdagi 89-goliga aylangandi.
Madridliklar jamoasi yakunlangan mavsumda YeChL g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Finalda Mardidning yana bir jamoasi «Atletiko» penaltilar seriyasiga ko‘ra 5:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi. Ronaldu jamoaning 12 uchrashuvida maydonga tushib, 16ta gol urdi va turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.