O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 maydagi «2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2016 yil 8 iyundagi 1-son bayoni qarori topshiriqlari ijrosini ta'minlash bag‘ishlangan mazkur seminar joriy yilning 20 iyun kuni respublikadagi barcha oliy ta'lim muassasalarida qabul komissiyalari o‘z faoliyatini boshlaganligi munosabati bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Seminarda Toshkent shahrida joylashgan oliy ta'lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi. Dastlab oliy ta'lim muassasalari rektorlari universitetda qabul jarayonini tashkil etilishi holati bilan batafsil tanishib chiqdilar. Seminarda Toshkent davlat texnika universiteti rektori M.Karimov tomonidan 2016/2017 o‘quv yili uchun qabul jarayonini uyushqoqlik bilan o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot jarayonida universitetning qabulga oid e'loni «Xalq so‘zi» gazetasida chop etilganligi, ota-onalar uchun kutish joylari tayyorlanganligi, 4 ta fakultet binolarida abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish navbatsiz, salqin sharoitda tashkil etilganligi namoyish etildi.
Har bir ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbga yo‘naltiruvchi bannerlar tayyorlanganligi, normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, qabul rejasi, arizalar shakli, Nizomlar e'lonlar taxtasida yoritilgani hamda universitet faoliyati va yo‘nalishlarini yoritib beradigan
56 daqiqalik videorolik taqdim etildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Axborot xizmati