Yaponiyaning Takeda farmatsevtik korporatsiyasi Singapurda denge bezgagiga qarshi yangi vaksinani klinik sinovdan o‘tkazishni boshlamoqda. The Straits Times nashrining yozishicha, tadqiqotda 21 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan 400 nafar mahalliy fuqaro qatnashadi.
Tadqiqotchilarning aytishicha, sinovlarda bu xavfli kasallikni boshidan kechirganlar va bu kasallikka duch kelmaganlar ishtirok etadi. Ishtirokchilar ularga vaksina kiritilgandan keyin paydo bo‘ladigan alomatlarni qayd qilib boruvchi mutaxassislar kuzatuvida bo‘ladilar. Korporatsiyada aytilishicha, "inson tomonidan mustaqil ishlab chiqariladigan antitanalar miqdori dorilar yordamida olinadigan antitanalar miqdoridan qanchalik farq qilishini o‘rganish lozim".
Hozirda denge bezgagiga qarshi yagona vaksina mavjud bo‘lib, uni fransiyalik olimlar yaratishgan. Osiyo davlatlaridan faqatgina Filippinda bu dori vositasining qo‘llanishiga ruxsat berilgan. Misol uchun, Malayziya va Singapur hukumatlari bu vositaga ruxsat berishmayapti, chunki mahalliy mutaxassislarning baholashicha, uning samaradorligi 50 foizdan oshmaydi.
Bu orada, oxirgi vaqtlarda singapurlik olimlar hukumatni bu vaksinaga munosabatini o‘zgartirishga chaqirishmoqda. Bu joriy yilda dengedan kasallanadiganlar bo‘yicha prognozlarning yomonligi bilan bog‘langan. Singapur Atrof-muhitni muhofaza qilish milliy agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 30 mingdan oshishi mumkin va Singapur tarixida eng katta miqyosda avj olgan denge epidemiyasi bo‘ladi.
Denge bezgagi virusli infeksiya bo‘lib, ko‘proq tropik va subtropik mintaqalarda uchraydi. Uning alomatlari yuqori harorat, ko‘ngil aynash, toshma, bosh va bel og‘riqlari hisoblanadi. Bezgakning gemorragik varianti qon tomirlarining kollapsi bilan chaqirilgan kuchli ichki qon ketishlar bilan kechadi.