Nasillo Shirinov 2010 yilda “Furqat-Shaxboz Fayz” mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yaxshi niyatda yo‘lga qo‘ygan edi. Ammo oshxonadan oqib kelayotgan daromad maqolamiz “qahramoni”ni ham yo‘ldan adashtirdi. N.Shirinov o‘g‘illarini o‘ziga jinoiy sherik qilib olib, juda ko‘p miqdorda savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buza boshladi. U 2011-2015 yillar davomida jami 1 milliard 749 ming so‘m savdo tushumlarini jamiyat xazinasiga kirim qilmayotgani ayon bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
N.Shirinov shaxsiy manfaatlar ko‘lankasida qonun talablarini unutib boraverdi. To‘g‘rirog‘i, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni suiiste'mol qildi. Bank hujjatlari va soliq ma'lumotlarida 16 nafar ishchi-xodimning ism-familiyasi qayd etilgan bo‘lsa-da, haqiqatda 60 nafar kishi yetarli sharoitlari bo‘lmagan oshxonada ishlab kelgan. Uning kirdikorlariga batafsil to‘xtalib o‘tirmay, birgina holatni bayon etmoqchimiz.
Qonun talablari unutilgan joyda jinoyat yuz berishi aniq. Oqibat shu bo‘ldiki, oshxonada mavjud bo‘lgan, oxirgi marta 1995 yilda tekshiruvdan o‘tkazilgan, standart talablariga javob bermaydigan 6 dona gaz ballonlaridan noto‘g‘ri foydalanilishi natijasida yong‘in kelib chiqdi. Xodisa joyida bo‘lgan bir necha fuqaro yong‘in oqibatida vafot etdi, 32 nafar fuqaro og‘ir va o‘ta og‘ir darajadagi tan jarohatlari oldi.
Maqola avvalida keltirganimiz nafs yo‘lida yig‘ilgan mol-dunyo buyurmadi. Buxoro shahar hokimligi, yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan ogohlantirilishiga qaramay, o‘z bilganicha ish tutib qonunlarga bepisandlik qilgan jamiyat rahbari N.Shirinovning qilmishiga sud adolatli baho berdi.