Ramazonning odatiy, o‘ta odatiy, ammo fojiali manzarasi

Jamiyat 18:43 / 20.06.2016 28394

Ramazonning mehmon bo‘lganiga ham o‘n kuncha bo‘lib qoldi. Uchdan bir qismi ham ortda qolay deb turibdi bu aziz oyning. Biz esa odatdagidek yashashda davom etyapmiz. Ha, odatdagidek... Faqat kunlarimiz tartibiga biroz o‘zgartirish kiritilgan xolos. Saharlik, iftorlik, taroveh singari... Ammo qolgan ishlarimiz, sifatlarimiz qandoq bo‘lsa, shundoq turibdi. Haliyam kezi kelsa, birovlarning ko‘nglini og‘ritamiz, haliyam kezi kelsa g‘iybat va yolg‘on gapiramiz, haliyam o‘z manfaatlarimiz yo‘lida tulkilik qilamiz...

Bu ro‘zadorlar haqidagi gap... Alloh ulardan rozi bo‘lsin! Mana shu issiqqa dosh berib, qilayotgan amallarini, ibodatlarini Alloh qabul qilsin. Ularning muhokamasini qilish bizlarga emas. Ajrini Yaratgan beraveradi. Ammo...

Har bir ibodatning xush'usi, uning lazzati, uning qalbni qamrab oluvchi ilohiyligi bo‘ladi. Ramazonning lazzati nimada? Kun bo‘yi och yurib, chanqoqni yengishdami? Menimcha yo‘q. Tag‘in bilmadim. Din peshvolari bu haqda tom-tom kitob yozishgan. Shu sababmi inson umri davomida tinmasdan bilim olaverish kerak ekan. Shunda bilmaganlarini bilib, o‘rganib boraveradi.
Umuman olganda gap mavzusi bu haqida emas.

Gap ishga borishda va ishga kelaverishda ko‘z tushadigan odatiy, ammo fojiali bir holatda. Topganlari osh bo‘lsin, ammo kafe hamda oshxonalarning Ramazondan va ro‘zadorlardan hayo qilmay ishlayotgani, bunga qo‘shimcha u yerga kirayotgan gurras-gurras odamlarni ko‘rib, o‘ylanib qolaman. Nega shunday?
Albatta, kim ro‘za tutadi, kim tutmaydi, u uning vijdon ishi. Dinda majburlash yo‘q. Tutsa tutar, tutmasa yo‘q. Ammo ro‘zadorlar va Ramazonning hurmatichi? Ro‘za tutganlar kuchli sabr ila ibodatlarini ado qilishyapti, shular haqi, yegilari kelgan taomni uylariga olib kirib, tanovul qilsalar bo‘lmaydimi? Nega bu haqda gapiryapman? Ko‘chada pishayotgan taom, uning yoqimli hidi, xo‘randalarning ishtaha bilan kavsh qaytarishlari - bularning bari ro‘zadorni qiynaydi axir. U farishta emas, u ham inson. Nafsi, ishtahasi bor inson. U bero‘zalarga mast bo‘lib, ro‘zasini ochib yubormaydi. Aslo. Shunchaki mashaqqatiga ming mashaqqat qo‘shiladi va eng yomoni “shuncha odam bero‘zaku, demak, Ramazon uncha ahamiyatli oy emas ekanda-a?”, degan tushuncha keladi. Bu aqiydani keyingi avlodga, keyingi avlod esa keyingisiga qoldiradi.

Ichkilik sotilayotgan do‘konlar, oshxonalar, tutini bursiqtirayotgan kabobxonalar, mijozlarining chanqog‘ini qoldirayotgan pivoxonalar... Bularning bari bir tukini ham o‘zgartirmay ishlashda davom etishyotir. Afsuski bu manzara barchamizga odatiy ko‘rinish bo‘lib qoldi.

Mana shunday xayollarga borib, iftorlikka u-bu xarid qilgani “Korzinka” supermarketlaridan biriga kiraman. U yerda esa iftor vaqtida uyiga borishga kech qolgan ro‘zadorlarga suv tutayotgan supermarket xodimlarini ko‘rib ko‘nglim yorishadi. Supermarketga kiraverishda, bir burchakda ro‘zadorlar og‘izlarini ochib olishlari uchun tayyorlab qo‘yilgan stol bor. Istagan ro‘zador u yerga borib, xurmo bilanmi, suv bilanmi og‘zini ochib oladi.

Gap qaysidir supermarketni reklama qilishda emas. Gap odamiylikda, ro‘zadorlarni va Ramazonni hurmatlashda. Bir haqiqat bor: Alloh o‘zining ilohiy ne'matini ulug‘laganni, ikki dunyoda ulug‘lab qo‘yadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Ko‘proq yangiliklar: