Qozog‘iston TIV rahbari Yerlan Idrisov Aqto‘bedagi teraktlar IShID yetakchilaridan biri tomonidan butun dunyo bo‘ylab o‘z tarafdorlarini Ramazon arafasida zo‘ravonlik harakatlari amalga oshirishga chaqirishi ortidan ro‘y bergani haqida ma'lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar tarqatgan.
"Ha, biz aniqladik. IShID tarkibidagi guruhlardan birining rahbari, Adnani sharifli kimsa internet orqali o‘z tarafdorlarini muqaddas Ramazon oyi arafasida faol ravishda zo‘ravonlik harakatlari sodir etishga chorlagan", degan u xalq vakillari bilan uchrashuv vaqtida.
Idrisovning fikricha, "bu chaqiriq IShIDning naqadar manfurligini" ko‘rsatadi.
Bundan avvalroq, Qozog‘iston IIV rahbari Kalmuxanbet Qosimov Aqto‘bedagi terrorchilar Suriya hududidagi boshliqlaridan ko‘rsatmalar olib turgani haqida bayonot bergandi.
Eslatib o‘tamiz, Aqto‘beda 13 iyun kuni radikal guruh vakillari qator xunrezliklar amalga oshirib, 7 kishini o‘ldirishdi va o‘nlab kishilarni jarohatlashdi. Aksilterror amaliyotlar davomida jangarilarning 13 nafari yo‘q qilingan, 9 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Nursulton Nazarboyev ma'muriyati bu teraktlarga anchadan buyon tayyorgarlik ko‘rilganini bildirgan. Prezident bu teraktda "rangli inqilob" alomatlarini ko‘rgani haqida aytgan.