Xorvatiyalik ashaddiy muxlislardan iborat «ultras» Xorvatiya terma jamoasining Ispaniyaga qarshi guruhdagi so‘nggi o‘yinini barbod qilmoqchi va terma jamoaning Yevropa chempionatidan chetlatilishiga erishmoqchi. Bu haqda Tribuna xabar tarqatgan.
Izoh berilishicha, Chexiyaga qarshi o‘yin vaqtida o‘zini ko‘rsatgan fanatlar o‘zlarini xalq dushmanlariga chiqargan mamlakat futbol ittifoqiga urush ochgan.
«Ultras» internetga Ispaniyaga qarshi o‘yin kechadigan Bordo shahridagi stadion chizmalarini joylashtirgan va o‘sha kuni qanday harakat qilish bo‘yicha a'zolarga ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining 2-turida Xorvatiyaning Chexiyaga qarshi o‘yini yakunlanishi arafasida fanatlar maydonga yonar fayyerlar uloqtirishdi. Shundan so‘ng, tribunalarda muxlislar o‘rtasida mushtlashuvlar sodir bo‘ldi.
UYeFA ushbu holat yuzasidan Xorvatiya futbol ittifoqiga nisbatan intizomiy ish ochdi. Bu ish 20 iyun kuni ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror chiqariladi.
Muxlislarning bu harakatlariga mamlakat prezidenti, terma jamoa a'zolari va boshqa mutaxassislar jiddiy e'tirozlar bildirib o‘tishgan.
Xorvatiya va Ispaniya uchrashuvi 21 iyun kuni kechqurun, Toshkent vaqti bilan soat 23:59da boshlanadi.