Rossiya Ozarbayjonga T-90S tanklarini yetkazib berish bo‘yicha majburiyatlarini bajardi, deb xabar bermoqda "Kavkazskiy uzel" nashri.
"To‘liq bajardik, yetkazib berishlar yakunlandi", deb ma'lum qildi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida "Uralvagonzavod" bosh direktori Oleg Siyenko.
Qurol-aslaha va texnikani yetkazib berish bo‘yicha 2010 yilda tuzilgan shartnomalar paketining qiymati oshkor qilinmagan, biroq mutaxassislar uni 1 mlrd dollarga baholashgandi. "Rosoboroneksport"da shartnomalar paketini 2017 yilda yopish rejalashtirilayotgani ma'lum qilingandi.
Ta'kidlanishicha, Rossiya qurol-aslahasini Ozarbayjonga yetkazib berish masalasi Armaniston siyosatchilari tomonidan Qorabog‘ ixtilofi keskinlashgandan keyin ko‘tarilgandi. 2016 yil bahorda Rossiya bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozin Moskva Bokuga ham, Yerevanga ham qurol yetkazib berishni davom ettirishini aytgan.
Iyun o‘rtasida mudofaa vaziri Sergey Shoygu Armaniston bilan strategik hamkorlik haqida ma'lum qilgan. 20 iyunga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Armaniston va Ozarbayjon prezidentlari bilan uch tomonlama muzokaralari belgilangan.