RF prezidenti Vladimir Putin Moskva va Vashingtonning harbiy qarama-qarshiligi «dunyoni yangi o‘lchovlar tomon yetaklayotganidan» xavotir bildirdi, deb xabar qilmoqda TASS axborot agentligi. Prezident Putin Sankt-Peterburgda jahon axborot agentliklari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvda, «odamlar xavfni sezishmaydi», deya bayonot bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘z RQM tizimlarini Yevropada mudofaa maqsadida joylayotganini ta'kidlayotgani yolg‘ondir. Chunki strategik RQM tizimi hujumkor strategik salohiyatga ham ega.
«Bularning bari zarba berish majmualari bilan uyg‘un ravishda ishlaydi: biri yopib turadi, boshqalari o‘ta aniq qurol bilan zarba beradi. Boshqasi javob tariqasida yo‘llangan yadro zarbasini qaytaradi».
Uning aytishicha, bu raketalar tobora takomillashib boradi va Rossiyaga tahdid sola boshlaydi. Chunki rasmiy Moskva, raketalarni almashtirish "sezib bo‘lmaydigan ish" bo‘lgani bois, shaxtalarda aynan nima borligini bilmaydi.
Bundan tashqari, Putinning ishonch bildirishicha, Polsha ham, Ruminiya ham shaxtalarda nima borligidan ogoh etilmaydi.
«Bularning barining oqibati nima bo‘ladi bilmadim-u, ammo biz ham shunga yarasha javob berishga majbur bo‘lishimizni aniq bilaman», — deb qayd etgan Rossiya rahbari.
Putinning qo‘shimcha qilishicha, Moskvani «yana agressiyada ayblashadimi endi farqi yo‘q, chunki bu javob harakatlari bo‘ladi». U shuningdek, milliy xavfsizlikni ta'minlash barobarida «dunyoda strategik muvozanat»ni ta'minlash zarurligini ham ta'kidlagan.