UYeFA Yevro-2016 stadionlaridagi chimlar sifati a'lo darajada emasligini ma'lum qildi

Sport 19:30 / 17.06.2016 5169

UYeFA tomonidan tan olinishicha, Fransiyadagi Yevropa chempionati o‘yinlarini qabul qilayotgan ba'zi stadionlarda chim sifati a'lo darajada emas. Bu haqda jurnalistlarga tashkilotning marosimlar bo‘yicha ijrochi direktori Martin Kallen ma'lum qilgan.

Yevropa chempionati o‘yinlari Fransiyaning Parij, Sen-Deni, Lill, Lans, Marsel, Nitstsa, Tuluza, Bordo, Sent-Eten va Lion shaharlaridagi stadionlarda o‘tkazilmoqda.

"Biz stadionlardagi chimlar holatida to‘la darajada qoniqish hosil qilmadik. Birinchi navbatda Marsel, Lill va Sen-Denidagilaridan. Bunday darajadagi turnirlarda maydon chimi holati juda yaxshi bo‘lishi kerak edi", degan Kallen.

U bunga sabab sifatida stadionlarning ko‘pmaqsadli ekanini keltirib o‘tgan. Qayd etilishicha, turnirni qabul qilayotgan 9ta stadiondan ikkitasida, Parijdagi va Lansdagi stadionlarda faqat futbol o‘yinlari o‘tkaziladi. Qolgan stadionlar esa boshqa marosimlar uchun ham foydalanilib kelingan. Bu esa chim sifatiga ta'sir ko‘rsatgan.

"Shuningdek, stadionlar qurilishi vaqtida maydon bo‘ylab shamol kerakli darajada esishi hamda maysalar quyosh nuridan yetarlicha bahramand bo‘lishi yetarli darajada ta'minlanmagan", degan u.

Kallenning aytishicha, UYeFA stadionlardan biri 2008 yili Bazelda bo‘lgani kabi turnir davomida almashtirilishi mumkinligini istisno qilmagan.

"Bu katta tavakkal bo‘lardi. Bu qarorni qabul qilish uchun barcha jihatlarni o‘rganib chiqish kerak. Balki chim holati yaxshilanar? Gazon chimi gilam kabi shunchaki yotmasligi kerak", deya qayd etgan u.

Yevropa chempionati 10 iyulga qadar davom etadi.

Manba: Tribuna.uz

Ko‘proq yangiliklar: