Hindiston sudi 2002 yilda Ahmadobod shahridagi musulmon tumanlarida qirg‘in uyushtirishda ayblab, 11 kishini umrbod ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda.
Gujarot shtatidagi Gulbarg hamjamiyatida 2002 yil 28 fevral kuni bo‘lgan qirg‘in shtatdagi dinlararo qarama-qarshilikning bir ko‘rinishi edi. Hindulardan iborat odamlar jamoasi Ahmadoboddagi musulmon tumanlariga hujum qilgan. Qurbonlar soni 69 kishini tashkil etib, ular orasida mamlakat parlamentining sobiq deputati ham bo‘lgan. Bunga bir kun oldin musulmon jamoasining Godradagi hindular bor poyezdga hujum qilgani sabab bo‘lgan. O‘sha qirg‘inda 60 hindu halok bo‘lgan edi. Ushbu tartibsizlik oqibatida 800 musulmon va 250 hindu jabr chekkan.
Ushbu voqea yuzasidan 60 kishiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Iyun boshida sud ularning o‘n bir nafarini qotillikda aybladi. Ularning bari umrbod qamoq jazosini oldi. Yana o‘ttiz nafar kishi turli ayblovlar bilan ayblanib, yetti yildan o‘n yilgacha qamoq jazosiga tayinlandi.