Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi 14 iyun kuni 2016-2020 yillarga O‘zbekiston bilan yangi Hamkorlik konsepsiyasini tasdiqladi.
Yangi strategik dastur 2030 yilga borib o‘rta daromadli mamlakatlar guruhining yuqori segmentidagi mamlakat mavqeiga erishish milliy maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu maqsadga iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va infratuzilmani takomillashtirish yo‘li bilan erishiladi.
Mana bir necha yildirki, Jahon Banki guruhi O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda faoliyat yuritib, iqtisodiy va moliyaviy boshqaruvni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beradi. Oxirgi o‘n yil ichida O‘zbekistonning iqtisodiyoti barqaror rivojlandi, shuningdek aholining kam ta'minlangan qatlamlari hayotini yaxshilash yo‘lida salmoqli yutuqlarga erishildi. Hozirgi paytda tashqi iqtisodiy muhitning biroz zaiflashganini hisobga olib, O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishning yangi omillarini izlashiga to‘g‘ri keladi, shu bois sifatli ishchi o‘rinlarining yaratilishi mamlakatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
"Tezkorlik bilan o‘sib kelayotgan ishchi kuchni hisobga olib, rivojlantirishning asosiy vazifasi yangi samarali va barqaror ish o‘rinlarini tashkil etish hisoblanadi, buning uchun yetakchi kuch xususiy sektor bo‘lgan bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezkorlik bilan yo‘lga qo‘yish zarur. O‘zbekistonning daromadlari barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalashtirish va liberalizatsiyalashtirish, aholiga ko‘rsatiluvchi davlat xizmatlari sifatini oshirish lozim", - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jungxun Cho.