Toshkent shahrida 36 kunduzgi dam olish maskani o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu oromgohlarda 7-13 yoshdagi 16 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam olishi mumkin. Birinchi o‘n kunlikda dam oluvchi 4300 dan ziyod o‘quvchi uchun «Salom, senga oromgoh!» tadbirlari bo‘lib o‘tayotir. Tarbiyachi sifatida jalb etilgan umumta'lim maktablarining sakkiz yuzga yaqin pedagoglari uchun Toshkent shahar pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti qoshida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Kunduzgi oromgohlarga jalb etilmayotgan o‘g‘il-qizlar uchun ta'lim muassasalaridagi to‘garaklar, sport maydonchalari, kutubxona va ma'naviyat xonalari ishlab turibdi.
Muassasalardagi to‘qish, duradgorlik, kulolchilik, liboslar dizayni mashg‘ulotlari bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi. Doira, dutor, raqs, aktyorlik mahorati to‘garaklari o‘g‘il-qizlarda katta qiziqish uyg‘otsa, turli fanlarga, xususan, chet tillariga oid mashg‘ulotlar o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha bilimini yanada mustahkamlaydi.