13 iyun kuni Yangi Orleanda yopiq konferensiya bo‘lib o‘tdi, unda Diabet bilan kurashuvchi Amerika assotsiatsiyasi (American Diabetes Association, ADA) Novo Nordisk A/S kompaniyasining yangi preparatiga doir tadqiqot ma'lumotlarini taqdim etdi. Ma'lumotlar maxfiy bo‘lgan, tadbir tashkilotchilari mehmonlardan tadqiqot ma'lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda chop etmaslikni so‘rab maxsus murojaat qilishgan, biroq hamma ham buning uddasidan chiqa olmadi, deb xabar beradi Bloomberg.
Yangi Orleandagi Scientific Sessions 76-tibbiyot anjumaniga bir necha yuz kishi tashrif buyurgan. Ular anjuman o‘tayotgan "Yetakchi" so‘zi yozilgan zal, kiraverishdagi navbat kutish aks etgan suratlar, diabet bilan kurashishga mo‘ljallangan Victoza preparatining tadqiqot ma'lumotlarini Tvitterda erkin chop etishgan.
Biroq tadqiqot natijalari taqdimotiga kelganda, tashkilotchilar konferensiya ishtirokchilarini preparatning samaradorligi haqidagi ma'lumotlar berilgan slaydlarni hech qayerda chop etmaslikni so‘rashgan. Slaydlarning o‘zida ham bunday ogohlantirishlar eslatib turilgan.
Ehtiyot choralarining ko‘rilishi - Yangi Orleandagi yopiq taqdimot marosimidan bir necha soat o‘tib, tadqiqot natijalari ommaga rasman e'lon qilinishi kerakligi va ma'lumotlarni chop etish embargoni buzishi bilan izohlandi.
Konferentsiyaga tashrif buyurganlarni hattoki ko‘p martali ogohlantirishlar bilan ham to‘xtatib bo‘lmadi. Darhol Tvitterda slaydlarning suratlari paydo bo‘ldi, ularga ko‘ra, yangi Victoza preparati yurak huruji va insult xavfini 13 foizga, ularning natijasidagi o‘lim holatlarini esa 22 foizga kamaytirishi ma'lum bo‘ldi. ADA vakillari bu slaydlarni internetdan olib tashlashga harakat qilishdi, ammo urinishlar behuda bo‘ldi - ma'lumot ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ulgurgandi.
14 iyun kuni Novo Nordisk A/S'ning aksiyalari 5,6 foizga tushib ketdi, bu uning yanvar oyidan beri eng keskin tushish ko‘rsatkichi edi: natijada kompaniyaning bozor narxi 7,77 milliard dollarga tushib ketdi. Investorlar tadqiqot natijalaridan qoniqish hosil qilishmadi: analitiklar yangi preparatning 13 emas, 15 foiz samaradorlikka erishishini kutishgan edi, zero, mart oyida ishlab chiqaruvchi o‘zining shaxsiy prognozlaridan o‘zib ketishga va'da bergandi.
Manbaning ta'kidlashicha, bozor aksiyalarining tushishi ADA konferensiyadagi mehmonlariga vaqtidan ilgari tarqatishni taqiqlagan ma'lumotlarning naqadar muhim bo‘lganligini ko‘rsatadi.