Yengil atletikachi-paralimpiyachi Oskar Pistoriusga jazo hukmi chiqarishi kerak bo‘lgan sudda paralimpiyachining advokati so‘nggi so‘zida o‘z mijozi haqida "yanglish fikrni" rad etish maqsadida undan protez oyoqlarini yechishni so‘radi.
Sportning yugurish turida ishtirok etuvchi paralimpiyachi 2013 yilda sevgan qizi Riva Stinkampni o‘g‘ri deb o‘ylab, vanna eshigi ortidan otib o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan.
2014 yilda mashhur paralimpiyachi 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq 1 yildan so‘ng muddatdan oldin-shartli ravishda qamoqdan chiqqan. Shundan keyin prokuratura bunga norozilik bildirib, unga qo‘yilgan ayblovni qasddan qotillik moddasiga almashtirishni talab qilgan. Bu moddaga ko‘ra kamida 15 yillik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Prokuratura boshidan qotillikka xato emas, balki Pistorius va Stinkamp orasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lganini ta'kidlab kelgan.