Toshkent shahrida yangi yerusti piyodalar o‘tish yo‘li Shota Rustaveli va Muqimiy ko‘chalari kesishmasida paydo bo‘ladi.
Mazkur obektning pasportida ko‘rsatilishicha, qurilishi ishlari 10 avgustda tamomlanishi belgilab qo‘yilgan. «Gap» kafesining oldidagi avtobus bekatidan Estrada sirk kolleji tomoniga o‘tadigan yerusti piyodalar o‘tish yo‘lining uzunligi 66 metr, balandligi 6,5 metrni tashkil qiladi, kengligi – 4,3 m. Loyiha 2 eskalator qurilishini ham nazarda tutgan.
Shuningdek, loyihada uzunligi 922 metr, kengligi 22,3 metr, balandligi 7,5 metrni tashkil qilgan 4 polosali avtomobil yo‘lini o‘z ichiga olgan yo‘l o‘tkazuvchi ko‘prik qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu ko‘prik Muqimiy va Bobur ko‘chalarini o‘zaro bog‘laydi. Bu yo‘lo‘tkazuvchi ko‘prik qurilishi Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga asosan 1 may kunidan buyon «ToshkentBoshplanLITI», «Boshtransloyiha» loyihalash institutlari, «Ko‘prikqurilish», «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ishtirokida olib borilmoqda.
Toshkentda ilk yerusti piyodalar o‘tish yo‘li o‘tgan yilning yozida Gulzor (sobiq «Ganga») maydonida paydo bo‘lgandi.
Shuningdek, kelajakda Qo‘yliq va Abu Saxiy bozorlari hududida ham shunday inshootlar qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihachilarning fikricha, bugungi kunda yerosti piyodalar o‘tish yo‘llaridan ko‘ra, yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari qurish arzonroq tushadi va vaqt tejashga imkon beradi.