Obod shahrimizning ravon ko‘chalarida yurib borar ekansiz, ko‘nglingiz yayraydi. Yo‘l bo‘yidagi azim daraxtlarning beminnat soyasi-yu, tartib bilan ekilgan anvoyi gullarning tarovati dillarga xush yoqadi. Har tarafda musaffolik, sarishtalik... Mohi Ramazonning shukuhi ufurib turgan yurtimizda har birimizning shiorimiz poklik, qalblarda esa ezguligu shukrona. Aslida esa bularning bari elimizning pok yuragi-yu, sof qalbidan nishona...
O‘zbekiston teleradiokanali, “Ziyo” studiyasining “Ramazon tuhfasi” dasturi orqali siz azizlarga taqdim etmoqchi bo‘lgan navbatdagi ko‘rsatuvi ham aynan shu mavzuga bag‘ishlangan. “Poklik – imondandir” nomli ushbu ko‘rsatuvda imonning yarmiga teng bo‘lgan poklik xususida so‘z yuritiladi.
Yaratganning roziligiga sazovor bo‘lish, jannatga qanday kishilarning kirishi mumkinligi, tozalik ortidan ko‘plab yaxshiliklarning yuzaga kelishi, pokdomon kishining ikki dunyoda ham ko‘plab yaxshiliklarga noyil etilishi xususida so‘z boradi.
Ko‘rsatuvni 16 iyun kuni kechki soat 18:45 da hamda takroran 17 iyun tonggi soat 02:50 da “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Poklik – imondandir” nomli ko‘rsatuvi orqali tomsha qilishingiz mumkin.