Misrda sobiq bosh prokuror qotilligi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi

Jahon 03:31 / 15.06.2016 5898

Qohirada Misr sobiq bosh prokurori Xisham Barakat joniga qasd qilganlikda ayblanayotgan 67 nafar gumondorlar ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda “Al-Yaum as-Sabia” yangiliklar portali ma'lumotiga tayanib TASS xabar qildi

Ma'lum bo‘lishicha, mazkur ish bo‘yicha jinoyat sudining birinchi yig‘inida sudlanuvchilarning qotillikka aloqadorligi to‘g‘risida dalillar keltirilgan, shundan so‘ng sud hay'ati tinglov jarayonini 13 iyulga ko‘chirdi. 

Eslatib o‘tamiz, Barakat 2015 yil iyun oyida noma'lum shaxslar uning avtomobili ostiga qo‘ygan portlovchi qurilma harakatga kelgandan keyin olgan jarohati tufayli halok bo‘lgan edi. 

Barakat “Musulmon birodarlar” harakatiga qarshi bir qator ishlarni tergov qilishda ishtirok etgan edi. Bu tergovlardan biri doirasida mamlakatning sobiq prezidenti Muhammad Mursiy va harakat yetakchisi Muhammad Badiy o‘lim jazosiga mahkum qilingan edilar.

Mart oyining boshida Misr Arab Respublikasi ichki ishlar vaziri Abdul G‘affor ushbu suiqasdda Misrda taqiqlangan hamda terror tashkilot deb e'lon qilingan “Musulmon birodarlar” hamda Falastinning “Xamas” harakatining qo‘li borligi haqida ma'lum qilgandi. Vazirning aytishicha, ular “Turkiyadagi terrorchi rahbarlar boshqaruvi ostida” qotillikni rejalashtirishgan. Jinoyatni amalga oshirganlar esa xamaschilar bilan hamkorlikda G‘azo sektorida tayyorgarlik o‘tagan hamda Sinay orqali Misrga yo‘naltirilgan. Biroq keyinchalik ikkala harakat ham ushbu ayblovni inkor etgandi.  

Misr sobiq bosh prokurorining o‘ldirilishida jami 51 kishi ayblanmoqda, yana 16 kishi qidiruvda. Barcha ayblanuvchilar bir vaqtning o‘zida bir necha ayb bilan sudlanmoqda: Misr hududida terroristik guruhga a'zolik hamda mamlakat tashqarisida xalqaro terroristik tashkilotlarga qo‘shilish, “Xamas” bilan hamkorlik, qasddan qotillik sodir etish hamda suiqasd qilish, qurol va portlovchi vositalar saqlash, shuningdek, chegara hududini noqonuniy kesib o‘tish. 

Bosh prokuratura avvalroq, o‘tkazilgan tergov natijalariga tayangan holda, gumondorlar o‘z ayblariga iqror bo‘lganlari haqida ma'lum qilgandi. Qoralovchilar ayblanuvchilarga eng oliy jazoni talab qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: