Mashinani navbatsiz olib berish va'dasi bilan odamlarni aldagan hamtovoqlar qo‘lga olindi 

Jamiyat 18:19 / 15.06.2016 8898

Elbek Safarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 1985 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, voyaga yetmagan ikki farzandi bor, muqaddam sudlangan. Hozirda oilasi bilan ajrashgan. Elbek Safarov jinoiy sherigi Jo‘raqul Namozov bilan qamoqda tanishadi. Ozodlikka chiqqach, ikkalasi Toshkent shahar, Chilonzor tumanida kichik avtomobil tuzatish ustaxonasida ko‘rishib, jinoiy reja tuzishadi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

Rejaga ko‘ra, Elbek o‘zini avtosalon xodimi sifatida tanishtirib, odamlarni aldab salondan hech qanday navbatsiz mashina olib beraman, deb pulni oladi. Jumladan, fuqaro Jobir Jiyanovdan “Neksiya” olib chiqib beraman, deb “shapka” uchun 1500 AQSh dollari oladi. “Neksiya” uchun esa 11 ming AQSh dollari oladi. Lekin bu pullarning hammasini ikki hamtovoq o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Ishtahalari karnay bo‘lgan sheriklar ishni davom ettirib, yana bir fuqaro – Sayfulla Hamdamovdan “Spark” avtomobilini hech qanday navbatsiz olib chiqishga yordam berish va'dasi bilan o‘ttiz sakkiz millon so‘m miqdorida pul oladi. Ishlari yanada ishonarli bo‘lishi uchun Jo‘raqul Namozov fuqaro S.Hamdamovga soxta hujjatlar taqdim etadi va “shapka” uchun bir yarim ming AQSh dollari oladi. Bu pullarni ham ikkovlon o‘z ehtiyojlari yo‘lida ishlatib yuborishadi. Bundan tashqari, Rasul Rajabovdan ham avtosalondan “Lasetti” avtomobilini navbatsiz olishga yordam berish va'dasi bilan o‘ttiz bir million so‘m va “shapka” uchun bir yarim ming AQSh dollari oladi.

Zarar ko‘rgan fuqarolarning arizalariga binoan bu ikki jinoiy sherik ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi va ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ko‘proq yangiliklar: