Frantsuz politsiyasi Lillda Yevro-2016 guruh bosqichi doirasida Rossiya va Slovakiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni yoritish uchun kelgan 7 nafar rossiyalik jurnalistni ushladi. Bu haqda 15 iyunda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, 15 nafar politsiyachi hech qanday tushuntirishlarsiz shahar markazida sayr qilib yurgan jurnalistlarni qurshovga olib, ulardan ma'lumotlarni tekshirish maqsadida akkreditatsiyani ko‘rsatishni talab qila boshlashgan. Tekshiruv 15-20 daqiqa davom etgach, jurnalistlar qo‘yib yuborilgan.
"Izvestiya" nashrining o‘sha vaziyatga tushgan muxbirining aytishicha, jurnalistlar Lill markazida ingliz va uelslik muxlislarning rossiyalik muxlislarga hujumini suratga olishayotgan bo‘lgan.
14 iyun kechki payt politsiya Lillda Rossiya, Uels va Angliya muxlislari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning oldini oldi. Politsiyachilar bir necha kishini ushlashgan. 15 iyunda Lillda Rossiya va Slovakiya terma jamoalari o‘rtasida 2-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shaharga katta miqdorda ingliz va uelslik muxlislar kelishi kutilmoqda, chunki Angliya va Uels o‘rtasidagi uchrashuv qo‘shni Lansda bo‘lib o‘tadi.
14 iyunda Rossiya bosh murabbiyi Leonid Slutskiy mas'uliyatli muxlislar terma jamoaning musobaqadan chetlatilishiga yo‘l qo‘ymasliklariga ishonch bildirib o‘tgandi.