Dunyoning bugungi kundagi e'tirof etilgan zabardast ulamolari tomonidan islom dinining musaffoligini saqlash, Yaqin Sharq mintaqasida faoliyat olib borayotgan terrorchi tashkilotlarning islomga mutlaqo aloqasi yo‘qligini tushuntirishga bag‘ishlangan fatvolari, ma'ruzalari jamlandi va «Dunyo ulamolari murojaati» nomli kitobi nashr etildi.
Islom olamining eng yirik namoyandalari bo‘lmish mazkur ulamolar diniy ekstremizm, terrorizm va radikalizmni butkul qoralaydilar, musulmonlarni oqibati og‘ir bo‘lgan bunday harakatlardan, garchi ular islom nomi bilan atalayotgan bo‘lsada, ogoh bo‘lishga chaqiradilar.
Shuningdek, kitobda musulmon kishi to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi, buzg‘unchi kuchlarning puch g‘oyalariga aldanmasligi uchun zarur bo‘lgan tavsiyalar keltirilgan. Ba'zi yoshlarning Internet tarmog‘ida tashkil etilgan radikal g‘oyaviy targ‘ibot ta'siriga tushib qolayotganini e'tiborga olib, ulamolar tomonidan berilgan zamonaviy media vositalardan foydalanish odoblari bayon etilgan.
Kitobdan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurov, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Al-Azhar shayxi Ahmad Tayyib, Misr diyori muftiysi Shavqiy Allom, Jahon musulmon ulamolari kengashi Bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, yirik islom ulamolari Ramazon Butiy, Abdulloh ibn Bayya, Ali Jum'a, Muhammad Al-Azhariy, Ahmad Muhammad Xalil kabi shaxslarning ma'ruza va fatvolari o‘rin olgan.