Yuneskoning jahon madaniy merosi: Terrakot armiyasi.

Jahon 18:41 / 14.06.2016 10714

Oddiy bir tasodif jahonshumul hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. 1974 yil bir guruh dehqonlar Xitoyning Shansi viloyatidagi Lishan tog‘ida quduq qazish maqsadida qazishma ishlarini olib borishar ekan, kutilmaganda loydan ishlangan haykallarni topib olishdi. Shu tariqa “Jahonning sakkizinchi mo‘'jizasi” sifatida ko‘rilayotgan Terrakot armiyasi haykallari kashf qilindi.

Eramizdan avvalgi 247 yilda Tsin hukmdori Chjuan Syan Van vafot etganidan so‘ng, taxtga uning o‘g‘li 13 yoshli In Chjen o‘tiradi. Tarixga Tsin Shixuandi nomi bilan kirgan In Chjen eramizdan avvalgi 221 yilda (ya'ni taxtga o‘tirganidan 25 yil o‘tib) Xitoydagi yettita tarqoq davlatni birlashtirib, ilk bor markazlashgan davlat - yirik imperiya yaratadi va eramizdan avvalgi  207 yilga qadar bu imperiyaga hukmronlik qiladi.  Buyuk Xitoy devorini qurish ham uning nomi bilan bog‘liq. Xitoy tarixchilari uning nihoyatda beshafqat bo‘lganligini yozib qoldirishgan. Imperator nima uchundir kitoblarni yomon ko‘rgan. Masalan, eramizdan avvalgi 213 yilda uning farmoniga binoan mamlakatdagi barcha kitoblar olovga tashlangan, mualliflar esa o‘ldirilgan. Ma'lumotlarga qaraganda 460 nafar xitoylik donishmand tiriklayin ko‘milgan. Tarixchi Sima Tsyanning ma'lumotiga ishonilsa, imperator vafot etgandan so‘ng uning yoniga rafiqalari, xizmatkorlari, tan soqchilari – jami 70 mingga yaqin kishi tiriklayin dafn etilgan.

Imperatorning maqbarasi Sian shahridan 33 kilometr sharqda joylashgan. Maqbarani qo‘riqlash uchun qizg‘ish – jigarrang tuproq bo‘lmish - Terrakotdan 8 ming harbiy askar va otlarning haykallari ishlangan. Ayni shu haykallar 1974 yilda mahalliy dehqonlar tomonidan topildi. O‘shanga qadar Terrakot armiyasi haqida deyarli hech kim hech narsa bilmasdi. Shundan so‘ng, bu yerda arxeologlarning keng qamrovli qazishma ishlari boshlandi. Birinchi bosqich 1978-84 yillarda, ikkinchi bosqich 1985-86 yillarda, uchinchi bosqich esa 2009 yilda boshlandi.    

Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, maqbarani qurish eramizdan avvalgi  247 yilda boshlangan. Buning uchun 700 mingdan ortiq ishchi va ustalar jalb qilingan. Qurilish 38 yil davomida olib borilgan. Tsin Shixuandi vafotidan keyin ham o‘z imperiyasi ustidan hukmronlik qilishda davom etishiga ishongan. Boshqa ma'lumotlarda imperator o‘limidan keyin narigi dunyoda o‘zini qo‘riqlashi uchun loydan haykallar yasash to‘g‘risida farmon bergani aytiladi.

Terrakot armiyasining har biri 150 kilogamm keladigan harbiy askar va har biri 200 kilogramm keladigan otlarning haykallari Xitoyning turli mintaqalarida yasalib, Sianga olib kelingan. Tananing asosiy qismi bir qolipda bo‘lib, bosh qismi, qo‘llar mutloqo bir-biriga o‘xshamaydi. Haykallar bir necha kun mobaynida 1000 daraja issiqlikda “pishirilgan”.

Xitoy Fanlar Akademiyasining botanika instituti olimlari haykallarni o‘rganishar ekan, otlar shu joyning o‘zida yasalgan, degan xulosaga kelishdi. Shunisi e'tiborga sazovorki, 8 mingta askarning qiyofasi bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydi. Olimlar loy haykallarni yasashda imperatorning tan soqchilaridan foydalanilgan bo‘lishi mumkin, degan fikrlarni aytishadi. Haykallarning bo‘yi 160 santimetrdan 210 santimetrga teng. Ulardan kimdir tik turgan bo‘lsa, kimdir qilich ushlab jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yana kimdir tiz cho‘kkan holda o‘tiribdi.

Ayni damda Imperator maqbarasidan 1,5 kilometr uzoqlikda joylashgan majmuada 3 ta chuqurlik bo‘lib, birinchi chuqurlikda 6 mingta piyoda, suvoriy va o‘qchilarning haykallari bor. Ikkinchi chuqurlikda esa atigi 100 ta askarning haykali mavjud. Eng kichik chuqurlikda 68 ta haykal bo‘lib, bu yer qo‘mondonlik shtabi ekani taxmin qilinmoqda.

1980 yilda imperator qabridan 20 metr uzoqlikdan har biri 300 ta detaldan iborat 2 ta bronza arava, 2000 yil boshlarida majmuadan mashshoq, akrobat va amaldorlarning haykallari topildi. Qazishma ishlari hamon davom etmoqda.

1987 yilda mazkur maqbara YuNeSKOning jahon Madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi. Qadimiy  Terrakot harbiylarini saqlab, kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida usti yopiq stadionni eslatuvchi bahaybat pavilon barpo etilgan. Tahlilchilar Siandagi Terrakot haykallar tarixiy ahamiyatga egaligini ta'kidlashmoqda. Bu haykalar 22 asr avvalgi Xitoy armiyasi haqida to‘liq ma'lumot beradi. Bunday tashqari bu haykallar haqiqiy mo‘'jizadir. Ayni shu mo‘'jizani o‘z ko‘zi bilan ko‘rish maqsadida har yili 2 millionga yaqin sayyoh Xitoyning qadimiy poytaxtiga tashrif buyuradi. XX asrning eng noyob topilmasini kashf qilgan beshta dehqondan bir nafari vafot etgan. “Sakkizinchi mo‘'jiza”ning ochilishiga katta hissa qo‘shgan va xozirda sayyohlar bilan suratga tushib, ularga dastxat yozib berayotgan to‘rt nafar dehqonning o‘zi bir mo‘'zizadir.

 

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: